18+
Mediasavodxonlik va faktcheking

Бесплатный фрагмент - Mediasavodxonlik va faktcheking

Darslik

Печатная книга - 2 300₽

Объем: 286 бумажных стр.

Формат: A5 (145×205 мм)

Подробнее

Aziz talaba!

Insoniyat bugun yangi texnologiyalar katta axborot oqimini yuzaga keltirayotgan axboriy jamiyatda yashamoqda. Axborotning, undagi manipulyativ ta’sir usullarining dinamik o‘sishi media sohasi mutaxassislarining o‘zidan ham axborot bilan muomala, murosa qilishning yangi yo‘llari, axborotning ishonchli manbalari bilan ishlash usullarini topish, uzatilayotgan axborotlarning zamiridagi ma’no-mazmunni ilg‘ash, soxta axborotlardan himoyalanish, shu orqali auditoriyaning ishonchini saqlab qolish zaruratini yuzaga keltirmoqda.

Bugungi raqamli inqilob hayotimizdagi hamma narsani o‘zgartirib yubordi. Har kuni bir necha kvintillion bayt ma’lumot yaratiladi. Biroq bu ma’lumotlarning qanchasi to‘g‘ri, «toza» yoki foydali? Buni o‘ylab ko‘rishimiz kerak. Posthaqiqat davrida soxta yangiliklar to‘fonida qanday qilib muvozanatni saqlashimiz mumkin? Faqatgina mediata’lim orqali. Mediasavodxonlik — zamonaviy dunyodagi eng asosiy ko‘nikma. Mediasavodxonlik nafaqat faktlarni tekshirish, balki tanqidiy fikrlash, ma’lumotlar ummonida suzish qobiliyati, hatto psixologik himoya qalqonidir. Chunki soxta axborot aqlimiz bilan birga yuragimizga ham hujum qiladi. Mediasavodxonlik bugun nafaqat kasbiy ko‘nikma, balki har bir fuqaroning hayotiy zaruratiga aylanmoqda. Axborot madaniyatining mavjudligi sifatli jurnalistika barobarida jamiyat sog‘lom rivojlanishining kalitidir. Axborot madaniyati — bizning ijtimoiy DNKmiz. Sababi u saviyasiz axborot muhitida qadriyatlar, o‘zlik, ona tilini saqlashda ham instruktor vazifasini bajaradi. Hozir TikTok videolari durdona filmlardan ko‘proq tomosha qilinadi. ChatGPT insoniyat tarixidagi eng tez ommalashgan texnologiyaga aylandi. Biroq bu axborot maydonidagi yangi formatlar tafakkurimiz, bilimimiz, madaniyatimizni boyitmoqdami yoki aksincha ta’sir ko‘rsatmoqda? Bu savollarga qo‘lingizdagi kitob orqali javob olasiz.

Shu ma’noda, talabalar uchun mediasavodxonlik, axborot savodxonligi bo‘yicha nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga qaratilgan o‘quv adabiyotlariga ehtiyoj sezilayotgan edi. Mazkur darslik bu bo‘shliqni to‘ldiradi.

Umuman, «Mediasavodxonlik va faktcheking» axborotdan bahramandlik, axborotdan to‘g‘ri foydalanish, to‘g‘rini noto‘g‘ridan ajrata olish, mediaqaramlikdan xalos bo‘lish, axborotni qabul qilish, unga ishlov berish va tarqatish, mediamahsulot yaratish jarayonida media axboriy savodxon bo‘lishni ta’minlaydi. Undan hatto keng kitobxonlar ommasi ham foydalanishi mumkin.

Talaba, sizga o‘qish va o‘rganishda, axboriy musaffo kelajakni bunyod etishingizda muvaffaqiyat tilayman!

Muallifdan

1-BOB. AXBORIY MUHIT IFLOSLANISHI, AXBOROTNING NOMAQBUL KO‘RINISHLARI

— Zamonaviy mediamakon nima va u qanday tuzilgan?

— Axboriy ifloslanish nimalarda namoyon bo‘lmoqda?

— Axborotning buzilgan ko‘rinishlari.

— Mediaga qaramlik yoki infosemizlik: raqamli detoks amaliyoti nimaga kerak?

Zamonaviy mediamakon nima va u qanday tuzilgan?

2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida ommaviy axborot vositalarida, ijtimoiy tarmoqlarda o‘z vaqtida xolis axborot berib borish orqali yolg‘on ma’lumotlar tarqalishining oldini olish, fuqarolarning axborot olish va tarqatish erkinligi borasidagi huquqlarini yanada mustahkamlash nazarda tutilgan. Shuningdek, fuqarolarning axborot-kommunikatsiya vositalaridan foydalanish madaniyatini oshirish, shaxsiy va sir saqlanishi lozim bo‘lgan ma’lumotlarni internet tarmog‘ida oshkor qilish bilan bog‘liq daxlsizlik huquqi buzilishi hamda kiberjinoyatchilikning oldini olish tizimini yaratish bilan bog‘liq muhim vazifalar belgilangan. Bu bejiz emas.

Zamonaviy dunyoda axborot oqimi, shiddati misli ko‘rilmagan darajada oshib ketdi. Globallashuv, axborotlashuv, raqamlashuvning insoniyatga ta’siri chegaralarni pisand qilmay qo‘ygani ham rost. Vaziyat shu darajaga yetdiki, axborot maydonida siyosiy, iqtisodiy, mafkuraviy manfaatlar to‘qnashuvi insonlar ong-u shuuri uchun kurashni yangi bosqichga olib chiqdi. Natijada axborot uzatuvchi tarmoqlar ko‘paydi, internet hajmi oshdi. Yil sayin internet foydalanuvchilari soni va media iste’moli o‘sayotgani ham bu jarayonda katta ahamiyat kasb etmoqda. Chunonchi, 2025-yili dunyo aholisi qariyb 13,5 trillion soat vaqtini global tarmoqda o‘tkazgan. Joriy yilgi hisob-kitoblarga ko‘ra, 5,65 milliard kishi internetdan foydalanmoqda. Shunga monand axborot supermagistralidagi harakat shiddati ham oshmoqda. Internetda har kuni taxminan 177–252 mingta yangi sayt yaratiladi. Veb-sahifalar va shaxsiy yozishmalarni esa hisoblash imkonsiz. Odamlar diqqat-e’tiborini jalb etish uchun kurash targ‘ibot, tashviqot, manipulyatsiya kabi ta’sir o‘tkazish usullaridan keng foydalanish, shov-shuvli yangiliklarni ko‘paytirish, reklama uchun sarflanadigan mablag» hajmini oshirish kabi ko‘rinishlarda yuz bermoqda. Mediamakonga xos xususiyatlardan yana biri axborotdan bahramandlik borasida raqamli tengsizlikning, axborot olish ochiqligi imkoniyatidagi farq mavjudligidir. Mamlakatlarning internet bilan ta’minlanganlik ko‘rsatkichidagi tafovut 20 foizdan 90 foizgacha oshgan. Axborotga, yangilikka ehtiyoj kuchayishi qidiruv tizimlarida so‘rovga berilgan mavzularning 15 foizi yangiligi bilan izohlanadi.

Hisob-kitoblar, statistik ma’lumotlar o‘z yo‘liga, biroq axboriy shovqinning odamlarga ta’siri nihoyatda og‘riqli. Bir foydalanuvchi kuniga o‘rtacha 6 soat vaqtini internetda o‘tkazar ekan. Bu sog‘liqni saqlash, iqtisodiyot, ta’lim, psixologiya va hatto siyosat kabi sohalar oldiga qator muammolarni qo‘yadi. Masalan, mediaqaramlikning insonning jismoniy holati, salomatligiga salbiy ta’siri — ko‘rish qobiliyati susayishi, umurtqa pog‘onasi qiyshayishi, rivojlanishdan ortda qolish, diqqat yetishmasligi, irodasizlik, stress, depressiya, xotira susayishi, shuningdek, axborot ta’sirida o‘z tanasiga zarar yetkazish kabi ko‘rinishlarda namoyon bo‘ladi. Zamonaviy sog‘liqni saqlash va ta’lim tizimi oldida bu kabi muammolarga qarshi kurashish vazifasi turibdi.

Ilmiy tadqiqotlarda fuqarolar bo‘sh vaqtini ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazishi mamlakat iqtisodiyotiga qancha zarar yetkazishi o‘rganilgan. Xoh ishoning, xoh ishonmang, bu zarar miqdori zilzila, toshqin kabi tabiiy ofatlardagi yo‘qotishlar bilan teng. Masalan, bir fuqaroning kunlik ish vaqti 8 soat bo‘lsa, u shu vaqtining 6 soatini internetda o‘tkazsa, o‘z-o‘zidan foydali ish koeffitsiyenti pasayadi. O‘z navbatida, korxonalarning rentabelligi ham tushadi. Kunlik ish haqini sakkizga bo‘lib, oltiga ko‘paytirsak, behuda sarflanayotgan mablag» summasi kelib chiqadi. Ya’ni xodim shuncha vaqt foydali va samarali ish qilmaydi. Global tarmoqda uning vaqti zoye ketadi. Xodim ishdan tashqari paytda ijtimoiy tarmoqda vaqt o‘tkazsa ham bu uning oilasiga vaqt ajratmasligi, oqibatda ijtimoiy munosabatlar buzilishi, dam olish, o‘z ustida ishlash yoki yangi bilimlarni o‘zlashtirishga vaqt topolmasligiga sabab bo‘ladi. Yangiliklar tasmasida sizni o‘ziga chorlayotgan, tezroq o‘qish, ulashishni so‘rayotgan, ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan yangilikni baham ko‘rishga undayotgan jozibador sarlavhalar, bir-biridan qiziq, bir-biriga o‘rin bermayotgan videolavhalar sezdirmagan holda katta iqtisodiy yo‘qotishga olib boradi. Shuningdek, iqtisodiy ta’sir axborot iste’molchilarining xarid jarayonidagi tanlovi reklama, brend mahsulotlar orqali boshqarilishida ham ko‘rinadi. Natijada odamlar reklama qilingan mahsulotni iste’mol qilish, taniqli brenddagi kiyimni kiyish, filmlarda o‘zi ko‘rgan mamlakatlarga borishga intiladi. Ta’lim tizimi axborotni eng ko‘p qabul qiluvchi segment — bolalar va yoshlarning ijtimoiy tarmoqlarga qaramligi, kompyuter o‘yinlariga mukkasidan ketishi, FOMO sapiens, ya’ni global tarmoqda onlayn bo‘lmasa, bir narsadan quruq qoladiganday xavotirda yashovchi avlod, fabbing — telefonga bog‘lanib qolish sababli real hayotdagi muloqotdan qochish, begonalashuv, nomofobiya — telefonsiz qolishdan qo‘rquv kabi muammolarga qarshi kurashishi kerak. Salbiy mazmundagi, qo‘rquv, xavotir, ertangi kunga ishonchsizlik keltirib chiqaruvchi axborotlarning ruhiy ta’siri mavjud. Umuman olganda, axborotning ko‘pligi insonning mustaqil fikrlashi, o‘zini anglashiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Zamonaviy mediamakon — bu an’anaviy va raqamli OAV, ijtimoiy tarmoqlar, qidiruv tizimlari, platformalar, reklama va targetingdagi turli algoritmlar, shuningdek, faol auditoriya o‘rtasidagi kommunikatsiya sodir bo‘ladigan dinamik hamda markazlashmagan tizimdir. U muttasil rivojlanib va o‘zgarib bormoqda. Kontent yaratish, tarqatish, iste’mol qilish va monetizatsiyalashning barcha jarayonini qamrab olmoqda. Mazkur makonda zamonaviy inson bir kunda 100 tadan 5000 tagacha axborotni qabul qiladi. Biroq har uchta axborotdan bittasi yolg‘on va zararli bo‘lishi mumkin. Internet an’anaviy va yangi media turlarining markazi, ijtimoiy tarmoqlar asosiy axborot manbasi va muzokara maydoniga aylangan zamonaviy mediamakonda axborotni saralab, filtrdan o‘tkazib uzatish imkonsiz. Sababi axborotning hajmi katta. Masalaning yana bir jihati borki, har qanday aralashuv so‘z erkinligini bo‘g‘ishga sabab bo‘lishi mumkin. To‘g‘ri, jurnalist kasbini egallagan mutaxassislar asosan tasdiqlangan xabarlar tarqatadi, jurnalistika etikasiga amal qilishga intiladi. Bunga muqobil qarashlar ham bor. Masalan, tarixchi publitsist Shuhrat Salomov «Dunyoning barcha davlatida ommaviy axborot vositalari siyosiy yoki iqtisodiy kuchlarga qaram ahvolda ish yuritadi. Hech bo‘lmaganda egasining dunyoqarashiga ko‘ra yoki mablag» beruvchining istagiga ko‘ra ish tutadi va masalani talqin qiladi. Tom ma’noda mustaqil OAV hech qachon bo‘lmagan», deydi. P. Danilin esa «Amalda ilgari ham korporatsiyalarga bog‘liq bo‘lgan ommaviy axborot vositalari bugungi kunga kelib o‘zining tashqi mustaqilligini deyarli yo‘qotdi», deydi. Jurnalistika sohasining huquqiy, axloqiy, ijtimoiy asoslari borki, uzatish jarayonida axborotni tekshirish masalasi doim ustuvorlik qiladi. Biroq axborot tarqatuvchilarning fuqarolik jurnalistikasi vakillari, blogerlar, inflyuyenserlar kabi turlari borki, ular tarqatgan xabarlar orasida tekshirilmagan, tarafkashlik, yolg‘on, adovat aks etganlari bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, axborot muhitidagi yana bir muammo — bu qidiruv va tavsiya tizimlaridagi algoritmlar hamda uning natijasida yuzaga keladigan «filtr pufaklari”dir. Bunda ijtimoiy tarmoq va turli platformalar foydalanuvchilari qidiruvga bergan mavzular, joylashuviga ko‘ra kontent taklif etiladi, ya’ni kontent va reklamalar foydalanuvchining qiziqishlariga moslashtiriladi. Natijada insonlar o‘z qobig‘idan chiqib keta olmaydi, axborot olamida cheklanib qoladi. Uning bor imkoniyatlaridan bahramand bo‘la olmaydi. Algoritmlar insonni emas, inson ularni boshqargani maqsadga muvofiq emasmi?

Ijtimoiy, geosiyosiy, madaniy, iqtisodiy jarayonlar globallashuvi, axborotlashuvi, raqamlashuvi natijasida ommaviy kommunikatsiya barcha sohaga integratsiyalashdi hamda zamonaviy mediamakonni paydo qildi. Zamonaviy mediamakon kommunikatsiya vositalari yordamida shakllangan, odamlar yoki guruhlar bir vaqtning o‘zida foydalanishi mumkin bo‘lgan yaxlit va umumiy, murakkab va chalkash platforma bo‘lib, hajmi, ta’sir imkoniyatlarini o‘lchash undagi ko‘rsatkichlar o‘zgarib turishi, miqyosi kengligi, chegaralarni belgilash qiyinligi tufayli imkonsiz. Har bir inson uning 4 foizidan foydalana oladi. Zamonaviy mediamuhit axboriy-psixologik kurashda platforma vazifasini o‘taydi.

Mediamakon nazariylashtirishga qaratilgan tadqiqotlarda quyidagi yondashuvlar bo‘yicha o‘rganilgan: matnmarkazli yondashuv — mediamakonga barcha mediamatnlarning majmui, «diskursiv» makon sifatida qaraladi; tuzilmaviy yondashuv — mediamakon institutsional soha, ijtimoiy maydon, ommaviy kommunikatsiya vositalari tizimi sifatida tushuniladi; hududiy (bozor) yondashuvi — mediamakon mediabozor hududi (mamlakat, shahar) yoki axboriy sanoat sifatida tavsiflanadi; texnologik yondashuv — medimakonga moddiy texnologiyalar bilan qo‘llab-quvvatlanadigan «virtual reallik» maqomi beriladi; ekologik yondashuv — mediamakonga inson faoliyatining barcha sohasini qamrab oladigan global yashash joyi sifatida qaraladi. Har qanday yondashuvda axborot vositasida insonlar ong-u shuuriga ta’sir, interpretatsiya masalasi markazda turadi.

Mediamakon umumiy ma’noda axboriy makon, tor spetsifik mazmunda kibermakon bilan yondosh keladi. Mediamakon axborot iste’molchilari sonining dinamik o‘sishi, kommunikatsiyaning keng quloch yoyishi bilan bog‘liq ravishda kengayib bormoqda. «Mediamakon» tushunchasi o‘z ichiga hozirgi axboriy jamiyatdagi, ommaviy axborot vositalari faoliyatidagi murakkab jarayon va hodisalarni qamrab oladi. Zamonaviy jamiyatdagi hech bir holat mediamakondan ayro yoki undan tashqarida emas. Shu qatori iqtisodiy, siyosiy manfaatlar to‘qnashuvi ham. Uni huquqiy jihatdan tartibga solish xalqaro miqyosda amal qiluvchi huquqiy me’yorlar ishlab chiqilmagani va texnik jihatdan amalga oshirish imkonsizligi, so‘z va fikr erkinligi masalasi mavjudligi sababli murakkabdir.

Mediamakon turli davrlar, turli mamlakatlarda turlicha shakllanadi, namoyon bo‘ladi, maqsad va vazifalarini o‘zgartirib turadi. Masalan, sobiq ittifoq davrida MDH mamlakatlari, xususan, O‘zbekistonda OAV, kino mafkuraviy qurol bo‘lgan, partiya tizimining targ‘ibot vositasi vazifasini bajargan. XX asrning 90-yillaridan keyin senzura bekor qilinishi bilan mediabozor qoidalariga ko‘ra ishlay boshladi. Empirik ravishda iste’moli yengil va oson formatlardan foydalanildi, ko‘ngilochar, shov-shuvli modellar trendga chiqdi, buyurtma, reklama materiallari ko‘paydi, tijoriy funksiyalar ishga tushdi. O‘zbekistonda esa bu holat biroz boshqacha kechdi, ichki senzura saqlanib qolishi natijasida auditoriya uchun siyosiy ta’siri kam bo‘ldi, tijoriy maqsadlar ham ustuvorlik kasb etmadi, mediamakon yopiq va barqaror xususiyatlarni namoyon etdi. 2016-yildan keyin axborot va so‘z erkinligi ustuvorligi, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati shaffofligi ta’minlanishi natijasida mediamakonda demokratlashuv, liberallashuv kuchaydi.

XXI asrda mediamakonni ilmiy tadqiq qilishning fanlararo tabiati uning turli sohalarga integratsiyasi natijasida paydo bo‘ldi. Biroq medianing omma ongiga ta’siri, shaxsga yo‘naltirilgan yondashuv, samarali kommunikatsiyani ta’minlashga qaratilgan mediatsiyalashuv, stereotiplarni shakllantirish bilan bog‘liq xususiyatlari barcha davrlar va barcha shakllarda saqlanib qolgan.

Mediamakon formati va tipologiyasini o‘rganishdan ko‘ra unda yuz berayotgan hodisalar, xususan, siyosatshunoslik, konfliktshunoslik, jurnalistika va ommaviy kommunikatsiya, psixologiya kabi fanlarda ahamiyatli bo‘lgan axborot-psixologik kurash sharoitida axborot iste’molchilarining axboriy madaniyatini shakllantirish zarurati va usullarini o‘rganish dolzarb ahamiyat kasb etadi. Axborot-psixologik kurash tushunchasi qarama-qarshi tomonlarga psixologik ta’sir o‘tkazish bilan bog‘langan. Tarixda dushmanning ruhiyatini sindirish, tartibsizliklar keltirib chiqarishga qaratilgan psixologik ta’sir kichik bo‘lgan va hal qiluvchi ahamiyat kasb etmagan. Bosma mahsulotlar paydo bo‘lishi bilan vaziyat o‘zgardi. Gazeta va jurnallar targ‘ibot olib borayotgan mamlakat uchun ko‘zlangan natijaga erishish maqsadida ommaning fikri, hissiyotlari va xatti-harakatlariga maqsadli ta’sir o‘tkazish uchun keng imkoniyatlar ochdi. Televideniye, radio, matbuot XX asrda kuchli qurol sifatida hisobga olina boshladi. XXI asr axborot makonining o‘ziga xosligini esa axboriy xaos, axboriy shovqin, axboriy ifloslanish tashkil etmoqda.

Axboriy ifloslanish nimalarda namoyon bo‘lmoqda?

Hurmatli talaba, e’tibor beryapsizmi, bugun nafaqat suv, havo, tuproq, balki axboriy muhit ham chiqindiga to‘lib bormoqda. Bugungi globallashuv davrida shakl va mazmuniga ko‘ra axborotning nomaqbul shakllari borgan sari ko‘proq odamlarni o‘z domiga tortmoqda. Oila davrasida, ruhiy xotirjamlik bilan qabul qilish mumkin bo‘lgan axborotlar salmog‘i borgan sari kamayib ketmoqda. Yangiliklar tasmasida jinoyat, qotillik, axloqsizlik, zo‘ravonlik — asosiy mavzu. Seriallar maishiydan ham past saviyada. Ijtimoiy tarmoqlardagi post, sharh, munosabatlar haqorat va nafratga to‘la. Axborot ko‘p, biroq aksariyati qiymati past va ahamiyatsiz. Orada sifatli, deylik, ta’limiy ahamiyatga ega biror foydali axborot chiqsa ham axboriy uyumda yo‘q bo‘lib ketyapti. Tabiatda biror moddani sof holatda topish qiyin bo‘layotgani kabi haqiqiy axborotni topish mushkul ish bo‘lib qoldi. Biri propaganda, yana biri manipulyatsiya, boshqasi reklama mazmuniga ega. Biri biror narsa sotishni maqsad qilgan bo‘lsa, ikkinchisi biror g‘oya singdirishni ko‘zlaydi. Xullas, manfaatsiz, tamasiz axborot yo‘q.

Bu borada axborot tarqatuvchilarning mas’uliyati alohida mavzu. Aslida, har bir axborot tarqatuvchi axborot iste’molchisining sifatli axborot olish huquqini hurmat qilishi, uzatilayotgan axborotga nisbatan bu auditoriyaga nima beradi degan savolni qo‘yishi kerak. Biroq ayni kunda fuqarolik jurnalistikasi rivojlanishi, axborotning tijoriy funksiyalari oshishi sharoitida axborot tarqatuvchilarning barchasi ham mas’uliyatni his qilmasligi, mediamakondagi holatni tartibga solishning huquqiy va texnik asoslari to‘laqonli yaratilmagani sabab axborotni saralab qabul qilish axborot iste’molchisining o‘ziga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Bunda tafakkur zirhi bo‘lgan mediasavodxonlik zarur.

Axborotlar mazmunidagi ifloslanish holatini kengroq tushuntirib bersak, quyidagi ma’lumotlarga e’tibor qaratamiz. 2021-yilning dekabr holatiga ko‘ra, milliy domen makonidagi 289 ta veb-saytda pornografiya, 91 ta veb-saytda esa behayolik va ma’naviy buzuqlik targ‘ibotiga xizmat qilishi mumkin bo‘lgan holatlar aniqlangan, 2097 ta qonunbuzarlik holati qayd etilgan. Buzg‘unchilik, zo‘ravonlik, ekstremizm va terrorizmni targ‘ib qiluvchi veb-saytlar soni 10 000 dan ziyod. Mutaxassislar ma’lumotiga ko‘ra, internet orqali tarqatiladigan axborotning 49 foizi sezilarli darajada zo‘ravonlik va yovuzlikning, 57 foizi axloqsizlikning bevosita va bilvosita targ‘ibotiga xizmat qiladi. 25 foiz axborot esa yolg‘on, to‘qima, 31 foiz ma’lumot haqiqatga to‘la mos emas. Bu holat yoshlar ong-u shuuriga kuchli ta’sir etuvchi buzg‘unchi g‘oyalar, milliy mentalitetga zid, zararli odat va ko‘nikmalar, tekshirilmagan axborotga ham birdek taalluqlidir. Axboriy olamda faktlar ikkinchi darajaga tushib, asosli yoki haqiqatga mos bo‘lmagan fikrlar yetakchiligi ustuvorlik qilmoqda. Bu ko‘rsatkichlar axborot xavfsizligiga tahdidlar mavjudligini ko‘rsatadi.

Yangi dunyoda biz har lahzada axborot hujumiga duchor bo‘lamiz. Bu shunchaki kayfiyatimizni buzishi yoki noto‘g‘ri ma’lumot berishi, shuningdek, yanada ayanchli oqibatlarga olib kelishi ehtimoli mavjud. Masalan, biz firibgarlar va boshqa zararli guruhlar qurboni bo‘lishimiz mumkin. Nomaqbul axborot tufayli jinoyatchilar, ekstremistlar ta’siri doirasiga tushib qolish hech gap emas. Raqamli olamda adashmaslik uchun uning tuzilishini yaxshi bilish, axboriy buzilish shakli va ko‘rinishlarini yaqindan tanib olish juda muhim.

Posthaqiqat davrida axboriy ifloslanish jamiyatning barcha qatlami va mediamakonning har bir burchagida namoyon bo‘ladi. Eng yomoni Uinston Cherchil aytganidek: «Haqiqat poyabzalini kiyguncha yolg‘on dunyoning yarmini aylanib chiqishga ulguradi». Yolg‘on xabarlar juda yuqumli, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan postlar, hikoyalar, videoroliklar (masalan, «tez orada dahshatli zilzila ro‘y beradi», «tarvuz odamni kasal qiladi») juda tez tarqab ketadi. Ko‘pchilik axborotni tekshirmay qabul qiladi. Kontent mazmuniga mos kelmaydigan, faqat diqqat tortish uchun qo‘yilgan klikbeyt sarlavhalar («Bu videoni ko‘rganingizdan keyin hayotingiz o‘zgaradi!», «Shok! Mashhur shaxsning noma’lum kasbi»), adovat va nafrat tili (odamlar yechimi yo‘q narsalar, masalan, «Tovuq oldin paydo bo‘lganmi yoki tuxummi?», «Shaharliklar aqllimi yoki qishloqliklar?» degan masalada bahslashishi, bir-birini haqorat qilishi), konspirativ nazariyalarning ko‘payishi, ya’ni asossiz, ilmiy isbotlanmagan ta’limotlarning keng tarqalishi (masalan, pandemiyaning sun’iyligi, yerning dumaloq emas, yassiligi), fotoshop, kontekstdan ajratib ko‘rsatish, chuqur feyklar (deepfake) — bular hammasi axboriy buzilishga misol bo‘la oladi.

Nafaqat ijtimoiy tarmoqlar, balki rasmiy ommaviy axborot vositalarida ham haqiqatni bo‘rttirib ko‘rsatish, pashshadan fil yasash, tarafkashlik, ma’lum bir siyosiy yoki iqtisodiy manfaat uchun axborot uzatish kabilar uchrab turadi.

Bu insonlarga turlicha ta’sir ko‘rsatadi. Manipulyativ axborotlarning ko‘pligi FOMO sapiens (ingl. Fear of missing out — boy berilgan foyda sindromi) odamni shakllantirdi, fabbing (ingl. phubbing; phone — muloqotdan qochish), begonalashuv, nomofobiya (ingl. Nomophobia — telefonsiz qolishdan qo‘rquv) kabi axborot iste’molidagi muammolar, kommunikatsiyadagi ruhiy holat va ijtimoiy hayotga ta’sirni keltirib chiqaradi. Axborotlarni tekshirish ko‘nikmasi shakllanmagani haqiqatni yolg‘ondan ajrata olmaslik natijasida ro‘y beruvchi ruhiy charchoq va beparvolik, g‘azab va qo‘rquvning ko‘payishi, siyosiy, iqtisodiy va hatto salomatlikka oid masalalarda noto‘g‘ri qarorlar qabul qilinishiga sabab bo‘ladi.

Axborot bolalardan keksalargacha — aholining barcha yosh qatlamiga salbiy ta’sirini o‘tkazmoqda. Milliy mediamakonda ham, global internet tarmog‘ida ham bolalarning ruhiy va jismoniy jihatdan me’yoriy, sog‘lom o‘sishiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi, hatto to‘g‘ri maqsadda, masalan, ta’lim uchun murojaat qilganda ularni chalg‘ituvchi axborot ko‘p. Bu o‘z joniga qasd qilishga chorlovchi o‘yinlar, insonlar va jonivorlarga shafqatsizlik aks etgan videolar, hayosiz suratlar, qimor, spirtli ichimliklar ichish va tamaki chekishga chorlovchi axborotlar, terrorizm targ‘iboti va hokazolar bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, bolalarning yoshiga mos bo‘lmagan axborotlar ham mavjud. 65 yoshdan oshgan aholi esa, axboriy olamga immigrant hisoblanib, undagi muammolar oldida ojiz qolmoqda. Yoshlarga qaraganda yolg‘on axborotlarni bir necha barobar ko‘p tarqatmoqda.

Jamiyat darajasida tahlil qilganda esa ijtimoiy qutblashuv kuchayishini ko‘ramiz. Filtr pufaklari natijasida odamlar faqat o‘ziga mos keladigan fikr va qarashlarni qabul qiladi. Natijada biryoqlama fikrlay boshlaydi. Demokratik jarayonlar buziladi, ilm-fanga ishonch susayadi, ijtimoiy munosabatlar buziladi, ifloslangan axborot oila, do‘stlik va ish munosabatlariga zarar yetkazadi.

Adabiyotlarda ham bu bo‘yicha tahlillar mavjud. «Tashviqot, feyk axborot, pranking, raqamli tajovuz, trolling va hokazo hodisalar oqibatida mediamakondagi buzilishlar tufayli hozir jurnalistika sohasida inqiroz kuchayib bormoqda. Ortiqcha axborot axborot mavhumligini keltirib chiqarmoqda. Ushbu vositalar yordamida ongni manipulyatsiya qilish auditoriyaning „tanqidiy avtonomiyasi“ mavjud emasligi tufayli dunyoda har qanday ma’lumotlarni „yutib yuborish“ kuchayishiga olib keladi».

Axboriy ifloslanish shunchaki feyk xabarlar emas. Bu — haqiqatning o‘z o‘rnini shov-shuvli mish-mish va manipulyatsiyaga bo‘shatib berishi, axborotning foyda emas, zarar keltirishidir. Axboriy ifloslanish sharoitida mediasavodxonlik, faktlarni tekshirish va kontent iste’moliga mas’uliyat bilan qarash muhim ahamiyat kasb etadi.

Axborotning buzilgan ko‘rinishlari

Axboriy muhitning ifloslanishi zamonaviy axborot texnologiyalari davrida keng ko‘lamda namoyon bo‘lmoqda. Mazkur jarayon turli omillarga bog‘liq bo‘lib, ba’zida qasddan uyushtirilsa (trendsetterlar, manipulyatorlar, trollar, prankerlar, «qora» marketologlar kontent iste’molida qamrov, ya’ni ulashish, sharh yozilishi va reaksiyalarni paydo qilish uchun), ba’zida nokompetentlik ortidan yuzaga keladi.

Dezinformatsiya. Bu g‘araz maqsadda haqiqatni buzib ko‘rsatish uchun qasddan uzatilgan yolg‘on ma’lumotdir. Undan asosiy maqsad — odamlarni aldash, ularning qarorlari yoki dunyoqarashiga ta’sir ko‘rsatish, jamiyatda tartibsizlik va ziddiyatlarni kuchaytirishdir. Feyklar beparvolik, nokompetentlik va xato natijasida yuzaga kelishi mumkin. Dezinformatsiya unday emas. Odatda dezinformatsiyadan siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy yoki shaxsiy manfaat ko‘zlangan bo‘ladi. U raqobatchilarni obro‘sizlantirishdan tortib, xalqaro munosabatlarni buzishgacha ta’sir o‘tkazadi.

Dezinformatsiyada aslida yuz bermagan voqea bo‘lgandek ko‘rsatilishi mumkin. Yuz bergan voqeaning vaqti, joyi, ishtirokchilari, mazmuni o‘zgartiriladi, manba noto‘g‘ri ko‘rsatiladi. Konteksdan uzib olingan kichik parchada ham mazmun o‘zgartirib ko‘rsatilishi mumkin. Sun’iy intellekt yordamida yaratilgan, odamlarning so‘zi va xatti-harakati realdek ko‘rsatilgan yolg‘on videolar ham dezinformatsiyani kuchaytirmoqda. Dezinformatsiya jamiyat va insonlarga faqatgina ziyon yetkazadi. Faqat mediasavodxonlik, tanqidiy fikrlash va faktlarni tekshirish orqaligina dezinformatsiya va uning salbiy ta’siridan himoyalanish mumkin.

Mizinformatsiya. U dezinformatsiyadan farqli ravishda, axborotni haqiqat deb o‘ylab, ziyon berishni ko‘zlamagan holda bilmasdan yoki nokompetentlik orqali tarqatilgan yolg‘on xabar. Uning manbasi oddiy fuqaro, tezkor jurnalist, malakasiz bloger bo‘lishi mumkin. Koronavirus pandemiyasi paytida «spirtli doka orqali nafas olinsa, koronavirusni yo‘q qiladi» degan axborotlar bunga misol bo‘la oladi.

Malinformatsiya. Haqiqiy faktlarni ziyon yetkazish maqsadida, atayin ishlatish. Bunda shaxsiy ma’lumotlar, shifokor siri, jurnalistika huquqi va axloqiga zid boshqa axborotlar beriladi. Masalan, shifokor ko‘rigida qayd varag‘ining bemor ism-familiyasi bilan e’lon qilinishini bunga misol qilsa bo‘ladi. Shov-shuvga o‘chlik, «Bu haqiqat, demak, uni e’lon qilish kerak!» degan xato tushuncha malinformatsiyaga sabab bo‘lishi mumkin. Holbuki e’lon qilish mutlaqo mumkin bo‘lmagan axborotlar bor. Davlat siri, harbiy sir, ilmiy-texnikaviy natijalar, tijorat siri, bank siri, farzand asrab olinganligi to‘g‘risidagi sir, shaxsiy ma’lumotlar shular jumlasidan.

Mistifikatsiya. Azaldan ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan narsalar haqida rivoyat-u asotirlar mavjud bo‘lgan. Lekin ular yolg‘on yoki haqiqatning o‘zgartirilgan shaklidir. Zamonaviy mediamakonda ham mo‘jizalar, aqlga sig‘maydigan hodisalar haqidagi xabarlar uchraydi.

Manipulyatsiya. «Manipulyatsiya» so‘zi «nozik qo‘l harakati» degan ma’noni anglatadi. Bu odamlarni o‘z fikrini o‘zgartirish yoki muayyan harakatni bajarishga undash uchun yashirin boshqarish. U feyklardan farqli ravishda inson ongi yoki ongostiga yashirin ta’sir ko‘rsatadi. Manipulyatsiyada soxta reallik yaratiladi, obyekt diqqati chalg‘itiladi. Bunda ishontirishning 40 dan ziyod usulidan foydalaniladi. Bu usullarning ba’zilari haqida quyida so‘z yuritiladi. Bugun manipulyatsiyadan reklama jarayonida faol foydalanilmoqda.

Kuzatuvlarga ko‘ra, reklamani qabul qilishda asosiy muammo shaxsning mantiqiy va tanqidiy tafakkuri vaqtincha o‘chirilishidir. Odamlar reklama qilinayotgan mahsulot yoki tovar yaxshi bo‘lgani uchun emas, balki u pul to‘lagani uchun maqtalayotganini mohiyatan to‘la anglamaydi. Qolaversa, tomoshabinlar reklama matnini yaratishda ongga, ongostiga ta’sir qilishda qo‘llanadigan usullar borligini bilmaydi. Vaholanki, iqtisodiy axborot reklama ko‘rinishida bo‘lib, unda ishontirishning assotsiatsiya, nostalgiya, chiroyli qiyofa, evfemizm, ekstrapolyatsiya, analogiya, chalg‘itish, guruh dinamikasi, yumor, qo‘rquv kabi usullaridan, sotuvchi mediamahsulot yaratishning AIDA, PPPP kabi formulalari hamda ta’sir vositalaridan faol foydalaniladi. Axborot ta’siri va qamrovi esa SEO va SMM texnologiyalari orqali oshiriladi. Natijada axborot iste’molchilarining xarid jarayonidagi tanlovi reklama, brend mahsulotlar orqali boshqariladi. Ayniqsa, bolalar va o‘smirlar reklama qilingan mahsulotni iste’mol qilish, brenddagi libosni kiyish, hatto media ta’sirida kasb tanlashga intiladi.

Reklamaning asosiy ta’siri ko‘p takrorlanishidir. E’tibor bergan bo‘lsangiz, ba’zida avvaliga g‘ashingizga teggan reklama ham keyinchalik odatiy ahamiyat kasb etadi, hatto o‘zingiz bilmagan holda undagi so‘z yoki xatti-harakatlarni takrorlay boshlaysiz. Tovush, so‘z va tasvir ongga shu tarzda o‘rnashib qoladi.

Jurnalistikada bir gap bor: «Takrorlayvering, takrorlayvering, haqiqatga aylanmasa, men kafil». Takrorlashning dahshatli ta’siri inson tafakkurini «dasturlay» olishida. Shuning uchun, zarurat bo‘lmasa, beozor gapirib turgan televizoringizni o‘chirib qo‘ying. Mobil ilovalarning reklamasiz variantini ishlating. Brauzeringizdagi reklamalarni o‘chirib qo‘yish funksiyasidan foydalaning.

Hurmatli talaba, agar siz xarajatingiz, qolaversa, fikrlaringiz va xatti-harakatingizni nazorat qilish, mustaqil qarashga ega bo‘lishni istasangiz, hech qachon tekin narsa olmang. Sovg‘alar va chegirmali kuponlardan voz keching. Shu zayl ongostini «qarz”lardan xalos qiling. Chunki siz inson — ijtimoiy individ sifatida sovg‘ani xayrixohlik va e’tibor ramzi sifatida qabul qilasiz hamda bunga javoban mana shu brendga sodiqligingizni namoyon eta boshlaysiz. Marketologlar buni juda yaxshi biladi. Ko‘pincha bir narsani xarid qilsangiz, sovg‘a qo‘shib beriladi. Bittasini oling, ikkinchisi — tekin. Shoshib onlayn buyurtma qilsangiz, qadoqda ikkita mahsulot bo‘ladi. Bu orada tekinga uchib, aldanganingiz qoladi.

Demak, sizni manipulyatsiya qilishlarini istamasangiz, hech qachon hech narsani tekin olmang. Afsuski, bizning dunyoda hech narsa bepul berilmaydi. Sotuv narxi «in’om”ga ketgan xarajatni qoplaydi.

Reklama materiallarini tayyorlashda ishontirishning assotsiatsiya (bog‘lash, o‘xshatish) usuli ko‘p qo‘llanadi. Unda mahsulot yoki xizmat siz uchun yoqimli biror narsa, masalan, xursandchilik, go‘zallik, xavfsizlik, muvaffaqiyat, boylik, mo‘jiza va boshqa tushunchalarga bog‘lanadi. Oilangizga g‘amxo‘rlik qilish, g‘alaba qozonish, hayotingizda mo‘jiza sodir bo‘lishi, birdan boyib ketish holatlari yuz beradiganday tuyuladi. Biroq aslida unday bo‘lmaydi. Reklamada mahsulot yoqimli obrazlarga bog‘lansa-da, bu narsalar sizning hayotingizda mo‘jiza yuz berishini va’da qilolmaydi.

Ba’zi reklamalar mazmunida «hamma shu buyumni xarid qilyapti» yoki «aqlli kishilarning barchasi shunday qiladi» degan qarash mavjud bo‘lishi mumkin. Bu qadam-baqadam usuli. Agar reklamada ko‘p odam ishtirok etgan bo‘lsa, sergak tortishingiz kerak. Chunki inson ijtimoiy individ sifatida konformizmga, ya’ni boshqalarning xatti-harakatini ko‘r-ko‘rona takrorlashga moyil. Masalan, bozorga borgan kishi boshqalar biror mahsulotni sotib olish uchun navbatda turgan bo‘lsa, o‘sha mahsulot unchalik zarur bo‘lmasa ham navbatga turib olgisi kelib qoladi.

«Chiroyli odamlar» usulida biror mahsulotni iste’mol qilsangiz yoki biror kosmetikani ishlatsangiz, siz ham shunday ko‘rinishga ega bo‘lasiz, deyilmoqchi bo‘ladi, biroq bunga va’da berilmaydi. «Mashhur odamlar» usuli ham shu tariqa e’tiborimizni tortishga qaratilgan. Biroq mashhurlar bu reklamada chiqish evaziga katta miqdorda gonorar olishini bilishimiz, bu bizning mustaqil qaror qabul qilishimizga ta’sir etmasligiga erishishimiz kerak. «Ekspertlar» usulida olimlar, o‘qituvchilar, shifokorlar va boshqa mutaxassislar reklamada ko‘rinish beradi. Ular shunchaki aktyorlar ekanini nazardan qochirmang. «Taqrizlar» usulida mahsulotga taalluqli turli hujjatlar keltiriladi. Biroq bir o‘ylab ko‘ring: nimaga shuncha sertifikatga ega dori aptekada sotilmayapti?

Auditoriya bu usullardan zerikkan paytda «oddiy odamlar» usuli yordamga keladi. Unda mahsulot siz kabi oddiy va odmi inson tomonidan namoyish etiladi. O‘zingizni unga qiyoslab, qanoat hosil qilasiz, ko‘nglingiz ko‘tariladi. Supermen yoki yulduzlar oldidagi kabi o‘zingizni nochor-notavon his qilmaysiz. Pirovardida u taklif etayotgan mahsulotga xayrixohlik va qiziqish bildirasiz.

Reklamada ko‘pincha sizda boshqacharoq kayfiyat va holat paydo qilishga urinishlar kuzatiladi. Jumladan, «qo‘rquv» usulida yechim (ya’ni mahsulot yoki xizmat) ni ilgari surish uchun sizga yoqmaydigan yoki qo‘rqitadigan narsalardan foydalaniladi. U og‘riq beruvchi formula shaklida ham ifodalanadi. Bu semizlik, o‘qishga kirolmay qolish, katta miqdordagi qarz kabi yoqimsiz, muammoli holatlar bo‘lishi mumkin.

Kulganda o‘zimizni yaxshi his qilishimiz tufayli reklama beruvchi ba’zida bizni kulishga majbur qiladi, so‘ng o‘z mahsuloti yoki logotipini namoyish qilishga kirishadi. Bu bilan mahsulotiga nisbatan xayrixohlik uyg‘otishga intiladi. Keyin o‘sha mahsulotni do‘konda ko‘rganimizda shu kayfiyatni takrorlagimiz kelib qoladi. Juda ko‘p reklamalarda yumordan foydalaniladi. Chunki bu ishontirishning qudratli texnikasidir.

Reklama tilidagi kuchaytirishlar — «eng yaxshi», «eng tezkor», «eng arzon»; qiyoslashlar — «ko‘proq», «yaxshiroq», «arzonroq», «kaloriyasi kamroq»; «ajoyib», «hamisha», «hayratomuz» kabi mubolag‘alar va mahsulotni maqtash uchun bo‘rttirishning boshqa ko‘plab ko‘rinishlarini «intensivlik» usuliga misol qilib keltirish mumkin.

Shuningdek, reklama beruvchilar xushomad orqali bizni osongina boshqaradi: SIZ yaxshi ishlayotganingiz, bunga haqli ekaningizni e’tirof etish barobarida o‘z mahsulotini taqdim etadi. Garchi maqtovlar moydek yoqsa ham erib ketmang, reklama mazmunini tahlil qiling. Mahsulot xususiyatlari reklamada keltirilganiga mos yoki mos emasligini tekshiring.

Nostalgiya (sog‘inch) usuli odamlar o‘tmishdagi yomonliklarni unutish, yaxshi xotiralar bilan yashashga moyilligi sababli samara beradi. Bu turdagi reklamada ehtimol bolaligingizdagi muzqaymoq ta’mi va’da qilinar, biroq u ham sizni ishontirishga qaratilgan texnika ekanini esdan chiqarmang.

Reklamada aksiya muddati, mahsulotlar soni cheklangani haqida gapirilsa, bilingki, yana sizni ishontirishga va boshqarishga harakat qilishmoqda, shoshilinch qaror chiqarishga majburlashmoqda. Bunga aldanmang, shoshmay qaror qabul qiling.

Reklamani odamlar reklama beruvchilar istaganidek ishonuvchanlik bilan qabul qilishi uchun boshqa qator formulalardan ham foydalaniladi. Masalan, RRRR (Picture — Promise — Prove — Push). Ya’ni biror chiroyli qiyofa aks etgan surat ko‘rsatilib, sizning ham shunday bo‘lishingizga va’da beriladi, faktlar isbotlanadi va xarid qilish so‘raladi.

Yoki mumtoz formula AIDA (Attention — Interest — Desire — Action) da diqqat jalb etiladi, qiziqish uyg‘otiladi, xohish paydo qilinadi, harakatga undaladi. «Before — After — Bridge» formulasiga ko‘ra, «oldin» (before) sizning olamingiz ko‘rsatiladi, «keyin» (after) undagi muammolar yechim topgani hamda bu olamga qanday «ko‘prik» (bridge) orqali o‘tish mumkinligi reklama qilinayotgan mahsulot vositasida namoyish etiladi. Odamlarga ta’sir o‘tkazishni nazarda tutuvchi bunday formulalar ko‘p.

Ko‘rinib turganidek, manipulyatsiya yashirin ta’sir o‘tkazadi. Buni quyidagi misol yordamida tushuntirishga harakat qilamiz.

Tasavvur qiling, siz Toshkent shahrida mehmonsiz, ko‘chada taksi to‘xtatdingiz va «meni Farhod bozoriga olib borib qo‘ying», dedingiz. Taksi haydovchisi sizni Chorsu bozoriga tashlab ketdi. Bu holat feyk xabarga o‘xshaydi. Siz aldanganingizni bilgach, xafa bo‘lasiz. Agar taksi haydovchisi «Farhod bozorida nima qilasiz, u yerda hamma narsa qimmat, eng yaxshi bozor — Chorsu bozori, ham arzon, ham qulay», deb Chorsu bozoriga tashlab ketsa, bu manipulyatsiya bo‘ladi. Haydovchi o‘ziga yaqin joyga, o‘zining manfaatlariga mos holda sizni manzilga yetkazdi. Ammo siz qarorni o‘zingiz qabul qilgandek his qilyapsiz va holatdan rozisiz.

Astroturfing — fikrni ko‘pchilik qo‘llab-quvvatlayotgani haqida illyuziya yaratish ham manipulyatsiyaga sabab bo‘ladi.

Propaganda. Propaganda lotincha «propago» — «tarqataman» so‘zidan olingan bo‘lib, bu axborot, g‘oya yoki qarashlarni omma orasida keng tarqatish, targ‘ib qilish va odamlarning fikri, his-tuyg‘usi yoki harakatlariga ta’sir ko‘rsatish maqsadida bajariladigan rejali va maqsadli faoliyatdir. Propagandaning asosiy vazifasi — odamlarni ma’lum bir nuqtayi nazarga ishontirish, muayyan yo‘nalishda fikrlash yoki harakat qilishga undashdir. Propaganda yaxshi maqsadga qaratilgan bo‘lishi ham mumkin (konstruktiv targ‘ibot). Masalan, tabiatni asrash, kattalarga hurmat ko‘rsatishni targ‘ib qilish. Biroq sog‘lom axboriy muhitda «g‘oyaga nisbatan dalil, mafkuraga nisbatan mantiq, siyosatga nisbatan xolislik, targ‘ibot-tashviqot o‘rniga chuqur mantiqli asoslash ustun bo‘lsa», maqsadga muvofiq.

Targ‘ibotning ochiq, aniq manbadan kelishi mumkin bo‘lgan oq, asl manba va maqsadi anglashilmagan hamda yovuz maqsadni ko‘zlagan qora, manbasi yoki muallifi noaniq, sezilmaydigan kulrang turlari bor.

Qora targ‘ibotda xayoliy voqelik yaratiladi yoki real vaziyat buzib ko‘rsatiladi, qadriyat, e’tiqod va qarashlar tizimini o‘zgartirishga harakat qilinadi. Salbiy targ‘ibot ommaning tanqidiy fikrlash darajasi pastligida faol ishlaydi.

Agitatsiya. Bu siyosiy yoki boshqa harakatlarga undash uchun odamlarning ongi va kayfiyatiga ta’sir qiluvchi og‘zaki, bosma yoki vizual faoliyatdir. Ya’ni agitatsiya orqali odamlar ma’lum bir ish, harakat yoki qarorga kelishga da’vat qilinadi.

Sun’iy xayp — bu internet, ijtimoiy tarmoqlar yoki ommaviy axborot vositalarida ko‘rishlar, layklar, sharhlar va diqqatni sun’iy oshirish maqsadida yaratilgan shov-shuvli, qiziqarli yoki bahsli mavzulardir. Ya’ni haqiqiy qiziqish yoki muhimlikdan ko‘ra, mashhurlikka erishish uchun sun’iy ko‘tarilgan yoki haddan tashqari oshirilgan mavzulardir. Masalan, biror voqea yoki shaxs atrofida sun’iy ravishda shov-shuv yaratish, odamlarning diqqatini jalb qilish uchun ma’lumot yoki voqealarni ortiqcha yoxud noto‘g‘ri shaklda taqdim etish — bu ham sun’iy xaypga misol bo‘ladi.

Klikbeytli sarlavhalar. Sizni sifatsiz axborot sari yetaklaydigan usullardan biri bu klikbeytdir. Odatda internetda, ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuvli yangilik, ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan olamshumul xabar, sizni shokka tushiradigan hodisa, bepul yoki arzon mahsulot, mashhurlar hayotiga oid mojaro haqidagi sarlavha, qiziqarli va g‘ayrioddiy surat sizni poylayotgan bo‘ladi. «Zudlik bilan o‘qing, 15 daqiqadan keyin o‘chirib tashlanadi» degan xabarga ishonib, havolaga kirasiz. Ko‘pincha tayinli axborot olmay, hafsalangiz pir bo‘lib chiqasiz. Qo‘yilgan sarlavha, surat mazmunga mos bo‘lmaydi. Bepul mahsulot ilinjida yana biror havola bo‘ylab mo‘ralaysiz. U yerda ham shu holat, deylik, mahsulot falon pul, yetkazib berish bepul bo‘ladi.

Tushunganingizdek, klikbeyt — sizni havolani bosishga majbur qiluvchi usul. U odatda axborot tarqatuvchilarning daromadi sahifaga murojaat qiluvchilar soniga bog‘liq hollarda tijoriy maqsadlar uchun qo‘llanadi. Klikbeyt mualliflari ko‘pincha vahimali yoki jozibador surat bilan jalb qiladi, ammo bu surat matn mazmunidan ancha uzoq bo‘ladi. Jumlani eng qiziq joyida uzib qo‘yish ham klikbeytga xos. Insondagi qiziquvchanlik tugallanmagan sarlavhaning mohiyatiga yetib borishga undaydi. Maslahatimiz: klikbeytlarning sizni aldashiga yo‘l qo‘ymang, ularning qarmog‘iga ilinmang. Shov-shuvli sarlavha shu havolaga kirishga emas, kirmasligingizga sabab bo‘lsin.

Toksik kontent — bu ijtimoiy tarmoqlar, internet saytlari yoki boshqa ommaviy axborot vositalari orqali tarqatiladigan zararli yoki insonlarning ruhiy va jismoniy salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan mazmundir. Toksik kontentga nafrat, tahqir, zo‘ravonlik, qo‘rqitish, kiberbulling, yolg‘on ma’lumotlar va salbiy xulq-atvorni targ‘ib qiluvchi boshqa materiallar kiradi.

Bu turdagi kontent odamlar o‘rtasida nizo, dushmanlik va salbiy kayfiyatni kuchaytirishga xizmat qiladi. Shuning uchun toksik kontentga qarshi kurashish va tarqalishini cheklash jamiyatdagi axloqiy va ijtimoiy barqarorlikni saqlash uchun muhimdir.

Axborot shovqini — inson diqqati va xotirasi qabul qilishi qiyin bo‘lgan juda ko‘p miqdordagi axborotning bir vaqtning o‘zida tarqalishi va uni qabul qilishda qiyinchiliklar yuzaga kelgan holat. Axborot shovqinida muhim va kerakli ma’lumotlarning «chiqindi axborotlar» orasida yo‘qolib qolishi insonlarning axborotni to‘g‘ri qabul qilishi va tahlil qilishini qiyinlashtiradi. Bu holat ijtimoiy tarmoqlar, ommaviy axborot vositalari va reklamada keng uchraydi. Axborotning ko‘pligi va tartibsiz tarqalishi tufayli inson ongida axborotni qabul qilish va tushunish jarayonida muammolar yuzaga keladi.

Mediaga qaramlik yoki infosemizlik:

raqamli detoks amaliyoti nimaga kerak?

Mediaga qaramlik internet, ijtimoiy tarmoqlar, smartfonlar va boshqa raqamli qurilmalarga ortiqcha bog‘liqlik holati bo‘lib, u kundalik hayotdagi faoliyat va munosabatlarga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Infosemizlik axborotning juda ko‘pligi va tezligi tufayli insonning aqliy va emotsional charchashi, diqqatining tarqoqlashuvi va stressga olib tushish holatidir.

Belgilangan vaqt davomida smartfon, ijtimoiy tarmoqlar va boshqa raqamli qurilmalardan uzoqlashish yoki ulardan foydalanishni cheklash miyaning dam olishiga va diqqatni tiklashga yordam beradi hamda bu holat raqamli detoks amaliyoti hisoblanadi.

Raqamli detoks stressni kamaytirish va hayot sifatini yaxshilashga xizmat qiladi. Bu zamonaviy dunyoda mediaga qaramlik va infosemizlik muammolarini yengish uchun muhim vositadir.

Seminar mashg‘ulotlar uchun topshiriq va savollar:

— «Men bilgan mediaolam» mavzusida esse yozish.

— Bir kun davomida qabul qilgan axborotingiz ro‘yxatini tuzing va ularni muhimligiga ko‘ra saralang. Raqamli detoks amaliyotini hafta davomida amalga oshirib, natijalarini yozib boring.

— Zamonaviy mediamakon tushunchasiga ta’rif bering. U qanday tuzilgan?

— Axboriy ifloslanish nimalarda namoyon bo‘ladi? Misol keltiring.

— Axborot shovqini va axborotning buzilgan ko‘rinishlari nimalardan iborat?

— Mediaga qaramlik va infosemizlik tushunchalari o‘rtasida qanday farq bor?

— Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasida axborot xavfsizligi bo‘yicha qanday vazifalar belgilangan?

— Axborot manbalari ishonchliligini aniqlash uchun qanday mezonlardan foydalanasiz?

— Agar bir kun internet foydalanmasangiz, kuningizni qanday o‘tkazar edingiz?

— Axborot muhitidagi «filtr pufaklari» hayotingizga qanday ta’sir qiladi?

— «Axboriy ifloslanish» mavzusida plakat yoki infografika tayyorlang.

Interaktiv praktikum

«Axborot zanjiri» o‘yini

Bu o‘yin orqali turli manbalarda qayta-qayta uzatilgan axborot mazmunining qay darajada o‘zgarishi, qisqarishi yoki burilib ketishi mumkinligini ko‘rsatish mumkin. Ta’lim jarayonida, ayniqsa, mediasavodxonlik va faktcheking mavzularida juda samarali metod hisoblanadi.

Qanday o‘tkaziladi?

Unda barcha talabalar ishtirok etadi (kamida 6–7 kishi qatnashishi kerak. Odam qancha ko‘p bo‘lsa, jarayon shuncha qiziq bo‘ladi). Ular bir qator turib yoki o‘tirgan holatda o‘ziga yaqin bo‘lgan ishtirokchiga oldindan tayyorlab qo‘yilgan qisqa matnni beradi. Masalan, «1-sentyabrdan oylik, nafaqa va stipendiyalarni 20 foiz oshirishni nazarda tutuvchi qaror loyihasi muhokamaga qo‘yilibdi, soliq to‘lovchilar bundan norozi bo‘lishi mumkin».

Tartib:

Birinchi ishtirokchi xabarni eshitadi. U yonidagi ishtirokchiga xabarning ma’nosini saqlagan holda aytib beradi. Bu jarayon oxirgi ishtirokchigacha davom etadi. Oxirgi ishtirokchi xabarni baland ovozda aytadi va boshlang‘ich matn bilan taqqoslanadi.

Kuzatish mumkin bo‘ladigan holatlar:

Axborot qisqarib ketishi.

To‘qimalar yoki qo‘shimcha ma’lumotlar qo‘shilishi.

Faktlar buzilishi (raqam, joy, shaxs).

Shaxsiy taassurot yoki subyektiv qarashlar aralashishi.

O«yin axborot uzatish jarayonida ma’lumot mazmunining qanchalik tez buzilib yoki o‘zgarib ketishini ko‘rsatadi. Bu misol dezinformatsiya, mish-mish va manipulyatsiyaning qanday shakllanishini tushunishga yordam beradi.

«Overton tuynugi» mashqi

Maqsad: Talabalarning OAV va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan axborotni tahlil qilish va unga javob tayyorlash ko‘nikmasini rivojlantirish.

{⏳} Vaqt: 25–30 daqiqa

Mavzu: 2025-yil avgustda O‘zbekistonda eng keng muhokama etilgan «Sea Breeze Uzbekistan» loyihasi haqidagi axborotning tarqalishi va qabul qilinishi.

1. Ma’lumot bilan tanishtiriladi: «Sea Breeze Uzbekistan» O‘zbekistonda, Chorvoq suv ombori sohilida qurilishi rejalashtirilayotgan va yil davomida faoliyat yuritadigan kurortdir. Ushbu loyihaga 5 milliard dollar investitsiya kiritilishi rejalashtirilmoqda. Kurort 575 gektar atrofidagi yer maydonida joylashadi. Emin Agalarov tomonidan taklif qilingan loyihaning texnik rejasi Buyuk Britaniyaning «Scott Brownrigg» arxitektura firmasi tomonidan tayyorlanmoqda. Loyihada dam olish zonalari, plyajlar, qishki va yozgi sport obyektlari, turarjoylar, akvapark, golf maydoni va hokazo infratuzilmalar ko‘z tutilgan. Ammo ekologik xavotirlar ham mavjud. Charvoq suv ombori Toshkent uchun asosiy ichimlik suv manbasidir. Unda qurilish va turizm infratuzilmasining joriy etilishi suv sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin degan qarashlar bor».

2. Talabalar 5 guruhga bo‘linadi.

3. 1-guruh bu qurilishni «Aqlga sig‘mas hodisa», 2-guruh «Radikal qaror», 3-guruh «Maqbul (chidasa bo‘ladigan vaziyat)», 4-guruh «Ommabop (odatiy) holat», 5-guruh «Normal (qonuniy) qaror» sifatida tasniflab beradi.

4. «Overton tuynugi» qanday ishlashi tushuntiriladi.

P.S. «Ommaviy ravishda robotlar ishchi o‘rnini egallasin», «Maktablarda uy hayvonlari bilan dars o‘tishga ruxsat berilsin», «Dam olish kuni seshanbaga ko‘chirilsin» kabi mavzular ham tanlanishi mumkin. Masalani tahlil etishda nomaqbul, rad etilgan, ammo muhokama qilinayotgan, qabul qilinishi mumkin bo‘lgan, rag‘batlantirilayotgan, me’yorga aylangan holat sifatida qaralishi kerak.

2-BOB. MEDIA VA AXBOROT SAVODXONLIGIGA OID TAYANCH KOMPETENSIYALAR VA KO‘NIKMALAR

2.1. Media va axborot savodxonligi tushunchasi ta’rifi hamda ahamiyati.

2.2. Mediasavodxonlikka oid asosiy ko‘nikma va kompetensiyalar.

2.3. Barqaror rivojlanish va demokratiyada media va raqamli kommunikatsiyaning roli.

2.4. Mediasavodxonlik 2.0: ta’limni raqamli muhitga qanday moslashtirish kerak?

Media va axborot savodxonligi tushunchasi ta’rifi hamda ahamiyati

Chingiz Aytmatovning bir gapi bor: «Yoqmagan narsa tushsa, hatto oshqozon uni qayt qilib tashlaydi, ammo miya har qanday tuban fikrni ham qabul qilaveradi». Buni axborotga nisbatan ham qo‘llash mumkin. Ong har qanday mazmundagi axborotni qabul qilaveradi. Biror axborotni qabul qilayotganda «shuni o‘qisam, betayin videoni ko‘rsam nima bo‘libdi, keyin esimdan chiqib ketadi» yoki «uni shunchaki ko‘ryapman, men unga ergashmayman-ku», deyishingiz mumkin. Ammo unutm-ngki, -hech bir axborot o‘zidan o‘zi izsiz yo‘q bo‘lib ketmaydi. U ong, ongostidagi shaxsiy arxivingizda mustahkam joylashib oladi. Natijada tafakkurda stereotiplarni shakllantiradi, o‘zingiz sezmagan holda qarorlar qabul qila boshlaysiz. Salbiy mazmundagi axborotlarni ko‘p qabul qilsangiz, tushkunlik, ertangi kunga ishonchsizlik paydo bo‘ladi, emotsiyalarga boy axborot hayratlanish hissini o‘ldirib boradi. Eng yomoni, yolg‘on ma’lumotlarni qabul qilgan, jinoyat, o‘lim, zo‘ravonlik kabi mazmundagi salbiy axborotlar bilan to‘yingan miyangizda qarshi turish instinkti susayadi. Unga muhrlangan axborotlarni ilmingiz va e’tiqodingizning bir bo‘lagi sifatida qaray boshlaysiz.

Siz urush yoki zo‘ravonlik haqidagi axborotni qabul qilar ekansiz, «men bunga qarshi bo‘lganim uchun shu axborotni qabul qilyapman», deyishingiz mumkin. Biroq unutmang, auditoriyaning katta qismi buni qarshi kurashish kerak bo‘lgan holat emas, shunchaki ma’lumot sifatida qabul qiladi. Insonlar miyasiga joylashgan axborot biror kuni xatti-harakat sifatida yuzaga chiqishi mumkin. Urush haqida ko‘p yozilayotgan mamlakatlarda urush to‘xtamaydi, zo‘ravonlik esa turli ko‘rinish va yosh toifalarida ko‘payib boraveradi. Kichik voqeaning ham katta miqyosda kengayib ketishiga sabab bo‘luvchi «kapalak effekti» yoki biror axborotni qabul qilishda oldin qarshi, keyinroq befarq, qo‘llab-quvvatlovchi pozitsiyani hosil qiluvchi «overton tuynugi» hodisasi yuz beradi. Ya’ni maktabdagi janjalga oid ma’lumot jamiyatda shu kabi ommaviy janjallarni ko‘paytiradi, ya’ni axborot shu tarzda aks-sado beradi. Yoki o‘z tanasiga rasm (tatiurovka) chizdirish, burniga zirak taqish haqidagi axborot birinchi marta ijirg‘anish, qarshilik ko‘rsatish bilan, ikkinchi marta befarqlik bilan, uchinchi marta «nima qilibdi, chiroyli turibdi, men ham sinab ko‘rsammikan» degan nuqtayi nazardan qabul qilinishi mumkin.

Shuning uchun o‘ylab ko‘ring, tahlil qiling: siz miyangizni qanday axborot bilan to‘yintiryapsiz? Zero, nima tanovul qilsangiz, shundan iborat bo‘lganingiz kabi botiningiz, ichki olamingiz, o‘y-fikrlaringiz qanday axborot qabul qilayotganingiz bilan bevosita bog‘liq. Agar salbiy mazmundagi, hayotingiz va faoliyatingiz uchun ahamiyati va qiymati bo‘lmagan axborotlarni qabul qilayotgan bo‘lsangiz, mediaiste’molingizni tartibga soling, axborotlar mazmunini nazorat qiling, miyangizni axboriy chiqindiga to‘ldirmang. Ijtimoiy tarmoqlardagi keraksiz guruh va sahifalardan chiqib keting. Bu mental salomatligingiz uchun ham foydali.

Mediasavodxonlikni shakllantirish zararli axborotlardan himoyalash maqsadida axborot kanallarini bloklash bilan kechuvchi boshqa konservativ usullardan afzal, ta’siri va samaradorligi ularnikidan yuqori, umuminsoniy qadriyatlar va inson huquqlari ustuvorligini ta’minlovchi muqobil usuldir. Axboriy kurash sharoitida esa eng yaxshi qurol — mediasavodxonlik.

Bundan keyin raqamlashtirish jarayoni faqat kuchayishi, dunyo YAIMning katta qismi raqamli sektorga to‘g‘ri kelishi prognoz qilinmoqda. Bashariyat iqtisodiyot tarmoqlari o‘zgarishi, bu jarayonning raqamlashuvi, mobillashuvi, sohaga sun’iy intellekt joriy etilishi bilan bog‘liq muhim davrni boshdan kechirmoqda. Raqamlashtirish jahon hamjamiyatiga integratsiyalashuv, dunyo mediamakonida o‘z o‘rniga ega bo‘lishning asosiy shartidir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 5 oktyabrdagi tegishli farmoni bilan tasdiqlangan «Raqamli O‘zbekiston — 2030» strategiyasi O‘zbekiston Respublikasining raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni rivojlantirishning strategik maqsadlari, ustuvor yo‘nalishlari hamda o‘rta va uzoq muddatli istiqbolli vazifalarini belgilaydi. Shuningdek, BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari va Elektron hukumatni rivojlantirish reytingida belgilangan ustuvor vazifalardan kelib chiqib, raqamli texnologiyalarni yanada keng joriy etishga xizmat qiladi.

Raqamli imkoniyatlar biznesda transchegaraviy hamkorlik qilish, elektron tijoriy maydon tashkil etish, faoliyatni masofaviy ofisda tashnuqtayiish kabilarni, media sohasida esa robot jurnalistikasi, sun’iy intellektni ham qamrab oladi. U media sohasida ish samaradorligini oshirish, axborot tarqatish qamrovini kengaytirish, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining shaffofligini ta’minlashga imkon beradi. Keng qamrovli bu imkoniyatlardan xavfsiz foydalanishga esa raqamli mediasavodxonlik ko‘maklashadi. Axboriy kurash sharoitida eng yaxshi qurol mediasavodxonlikdir. Mediamahsulotlarni topish, tahlil qilish, baholash, yarata olish uchun zarur bo‘ladigan bilim, ko‘nikma va malaka yig‘indisini ifodalovchi «mediasavodxonlik» tushunchasi ko‘p xarakterli bo‘lib, axboriy savodxonlik, o‘z fikrini bildirish va axborot sohasida savodxonlik, kutubxonadan foydalanish savodxonligi, yangiliklar savodxonligi, ijtimoiy media sohasida savodxonlik, tanqidiy tafakkur, vizual savodxonlik, bosma OAV sohasida savodxonlik, kompyuter savodxonligi, internet savodxonligi, raqamli savodxonlik, kinematografik savodxonlik, o‘yin savodxonligi, televizion savodxonlik, reklama sohasidagi savodxonlik, fuqarolik savodxonligi, ijtimoiy va hissiy savodxonlik, tarmoq savodxonligi va hokazolarni o‘zida jamlaydi. Shuningdek, unga sinonim sifatida mediamadaniyat, axboriy madaniyat, infoetika kabi so‘zlar ishlatiladi. «Mediasavodxonlik» atamasining to‘liq mazmunini anglash uchun ilmiy adabiyotlarga murojaat qilamiz.

D.Adams va M. Hamm mediasavodxonlikka bunday ta’rif beradi: “...Individning televideniye, reklama, film va raqamli media orqali kundalik qabul qilayotgan vizual va verbal simvollar mazmunini anglash qobiliyati… Bu olinayotgan axborotlarni shunchaki dekodlashtirishdan ko‘proq narsa: mediasavodxonlik, shuningdek, olinayotgan axborotlarni qabul qilish, insonni o‘rab turgan medisanoatda yo‘nalishni aniq belgilash salohiyati, zarur hollarda axborot yarata olishdir».

J.Anderson fikricha, mediasavodxonlik “...medianing qaysi turi bo‘lishidan qat’i nazar, axborotlarni mohirona yig‘ish, talqin qilish, tekshirish va qabul qilishdir».

D.Barton va M. Xamilton ta’rificha, «…odatda fikr va matn orasidagi makonda paydo bo‘luvchi faoliyat. Bu individda mavjud ko‘nikmalarning shunchaki majmui emas, u insonning boshqa ko‘plab faoliyat turlari bilan bog‘langan, mediasavodxonlik mazmuniga ko‘ra ijtimoiy hodisa bo‘lib, insonlarning o‘zaro ta’siri jarayonida yuzaga keladi».

D.Sholle va S.Denski “...mediasavodxonlik tanqidiy pedagogikada konsepsiyalashuv va siyosiy, ijtimoiy, madaniy amaliyot sifatida tushunilishi kerak», deydi.

A.Silverblatt va E. Eliceiri talqiniga ko‘ra: “...insonning mediaxabarlar mazmuni to‘g‘risida mustaqil fikrini bildirish uchun tanqidiy fikrlash orqali ommaviy kommunikatsiya vositalaridan olingan ma’lumotni «rasshifrovkalash» qobiliyati».

S.Sterdenkoning ta’rificha, mediamadaniyatli kishi “...ning mediaga bog‘lanishlari soni va davomiyligi rejalashtirilgan bo‘ladi. O‘ziga kerakli axborotni to‘g‘ri tanlay oladi. Axborotga tanqidiy yondashadi. Chunki u medianing zararli ta’sirlarini biladi, qarshisida ochilgan mediamatnni o‘z filtridan o‘tkazib, keyin qabul qiladi. Mediamahsulotdan foydalanishda axloq me’yorlariga amal qiladi. Mediamahsulot yarata oladi».

B. Duncan «Mediasavodxonlik — o‘quvchi va talabalarga media bilan muloqotda, ularning hayotidagi media mazmunini tushunishda tanqidiy nuqtayi nazar bilan qarashga yordam beradi. Mediasavodxon o‘quvchi yoki talaba mediamatnlarga baho berishda tanqidiy va tahliliy yondashishi, ommaviy madaniyat bilan munosabatda tanqidiy masofada bo‘lishi, manipulyatsiyaga qarshilik qilishi kerak», deb ta’rif beradi.

C. Worsnop fikricha, «Mediasavodxonlik — mediamatnlarni sharhlash/tahlil etish va yaratish qobiliyati».

R. Kubey «Mediasavodxonlik — turli shakllardagi axborotlarni olish, tahlil etish, baholash va uzatish qobiliyati», deydi.

«Ijtimoiy-gumanitar fanlar xalqaro ensiklopediyasi”da qayd etilishicha, «Mediasavodxonlik — mediasavodxon odamni zamonaviy dunyodagi kodli va reprezentatsion tizimlarda faoliyat yuritayotgan medianing ijtimoiy-madaniy, siyosiy kontekstini tushunish, mediamatnlarni idrok etish, yaratish, tahlil etish, baho berishga tayyorlash jarayoni».

C.Firestone va P.Aufderheide «Mediasavodxonlik — …insonlarga audiovizual va bosma matnlarning madaniy ahamiyati, mazmunini tushunish, yaratish va baholashga yordam berishga undovchi harakat. Har bir inson myediasavodxon bo‘la oladi», deb yozadi.

Lauri Palsa talqinicha, «Mediasavodxonlik — insonning jamiyatda madaniy, ijtimoiy va demokratik ishtirokini ta’minlovchi asosiy omildir. Mediasavodxonlik ko‘nikmasi himoyalanish, yaxshi ish, farovonlik beradi va milliy xavfsizlikning kafolati hisoblanadi».

Ch. Worsnop, V.Gura, V.Monastirskiy, A. Korochenskiy, J. Pungente, S.Penzin, I.Rother, D.Suess, L.Usenko, T.Shak va media sohasi bo‘yicha boshqa pedagoglar fikricha, mediasavodxonlik mediata’lim natijasidir. D. Lemishning fikriga ko‘ra esa mediata’lim ancha keng qamrovli tushunchadir. Mediasavodxonlik bilangina bog‘lab uning mohiyatini ochib berib bo‘lmaydi. A. Fedorovning fikricha, bu ikki tushunchani bir-biridan ajratmaslik kerak.

Mediasavodxonlikning asosiy ko‘nikma va kompetensiyalari

Mediasavodxonlik global tarmoqda qidiruv imkoniyatlaridan kengroq foydalanish, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishda o‘zini nazorat qilish, sog‘lom turmush tarzi, to‘g‘ri ovqatlanishga amal qilish, profilaktik tibbiyotda yoshlar orasida elektron sigaret chekishning oldini olish va boshqa maqsadlarga xizmat qiladi. Bilim va ko‘nikmalar tizimida shu tarzda kengayib borishi mediasavodxonlikni an’anaviy shakldan yangi shaklga o‘tkazmoqda. Media va axboriy savodxonlik bilan raqamli savodxonlik tushunchalari birga qo‘llanmoqda.

Media va axboriy savodxonlik, raqamli savodxonlikning asosiy elementlari quyidagilardan iborat:

Axboriy savodxonlik: axboriy ehtiyojni aniqlash va ifodalash, axborotga kirish va uni qabul qilish malakasi, axborotni baholash, axborotni tizimlashtirish, axloq me’yorlariga amal qilgan holda axborotdan foydalanish, axborotni uzatish, axborotga ishlov berishda AKT bilan ishlash malakasini shakllantirish.

Mediasavodxonlik: medianing demokratik jamiyatdagi roli va vazifalarini tushunish, media qanday sharoitda vazifalarini bajara olishini tushunish, o‘ziga xos vazifalaridan kelib chiqib mediakontentni tanqidiy baholash, o‘zini-o‘zi tahlil qilish va demokratik jarayonlarda ishtirok etish uchun media bilan birgalikda harakatlanish, foydalanuvchilik kontenti uchun zarur bo‘lgan (AKT bilan ishlash bilan bog‘liq) malakani shakllantirish.

Raqamli savodxonlik: raqamli instrumentlardan foydalanish, raqamli identifikatsiya nimaligini tushunish, raqamli huquq to‘g‘risida bilish, sun’iy intellekt texnologiyalari bilan bog‘liq xavflarni baholash, raqamli kommunikatsiya malakasini rivojlantirish, raqamli salomatlik bo‘yicha malakaga ega bo‘lish, raqamli xavfsizlik va himoya instrumentlarini qo‘llash.

An’anaviy mediasavnuqtayiik mediaga kirish, media mazmunini tushunish va o‘z xabarlarini yaratishni tavsiflovchi, umuman, axborotni ongli qabul qilishni nazarda tutuvchi tushuncha bo‘lsa, yangi mediasavodxonlik nafaqat axborot iste’molini, balki mediamahsulot ishlab chiqishni ham nazarda tutadi.

Yangi mediasavodxonlik quyidagi 10 ko‘rsatkich bilan ifodalanadi:

— iste’mol;

— tushunish;

— tahlil;

— sintez;

— surishtirish, tanqid;

— qo‘llab-quvvatlash;

— tarqatish;

— ishlab chiqarish;

— ishtirok etish;

— ijodkorlik.

Media va axboriy savodxonlikka doir o‘quv dasturlarini ishlab chiqish loyihasiga ko‘ra, media-axboriy savodxonlik doirasida shakllanishi lozim bo‘lgan bilim va ko‘nikmalar quyidagilardan iborat:

— tarmoqdagi nafrat va radikal mazmundagi kontentga qanday munosabatda bo‘lishni bilish;

— media va axboriy savodxonlikdan kreativlik, muammolarni yechish va hamkorlikni rivojlantirishda foydalanish;

— media va axboriy savodxonlikni boshqa turdagi ijtimoiy savodxonlikni rivojlantirishda qo‘llash;

— shaxsiy ma’lumotlar konfidensialligini boshqarish, sun’iy intellekt tizimlari va o‘yinlar bilan o‘zaro to‘g‘ri munosabat o‘rnatish;

— media va boshqa kontent tashuvchilar bilan o‘zaro faol fuqarolik pozitsiyasida bo‘lish;

— texnik va tanqidiy potensialini tushungan holda AKTdan foydalanish;

— AKT malakasini mediamahsulotlar ishlab chiqishda qo‘llash;

— AKTdan foydalanish malakasini axborotni qayta ishlab, o‘z kontentini yaratishda qo‘llash;

— kontentdan yuqori axloqiy va mas’uliyatli shaklda foydalanish, adekvat vaziyatlarda zarur mediani qo‘llagan holda muloqot qilish;

— g‘oyalarni shakllantirish va ular asosida harakatlanish;

— axborot va mediakontentni olish, tarqatish, yaratish va saqlash;

— onlayn xavflardan himoyalanish;

— istalgan provayder orqali taqdim etilgan kontentni tanqidiy baholash;

— ijtimoiy talablar uchun zarur kontent topish, unga kira olish;

— media va boshqa kontent tashuvchilarning roli hamda vazifalarini tushunish;

— media va axborotning shaxsiy hayotdagi zaruratini tushunish va shakllantirish;

— kontent tashuvchilar funksiyalari va shart-sharoitini tushunish.

Media va kontent sohasidagi kompetensiyalar bilan bog‘langan qadriyat va yo‘nalishlar:

— hamjihatlik va tinchlik;

— inson huquqlari va qadr-qimmati;

— shaxsning o‘zidagi kognitiv, emotsional va axloqiy jarayonlarni kuzatishi, baholashi va qarashlarini qayta ko‘rib chiqishi;

— tolerantlik va boshqalarga hurmat;

— fikr va axborot erkinligi;

— madaniyatlar va dinlararo muloqot.

Yangi mediasavodxonlik raqamli savodxonlik bilan bevosita bog‘liq.

Bu o‘quv dasturi hamda media va axboriy savodxonlikning kompetensiyalar tizimi aniq vaziyatlarga ko‘ra lokalizatsiyalashuvi nuqtayi nazaridan qo‘llanishi mumkin. Dastur istalgan davlatda mediata’limni joriy etishga moslashuvchan instrument sifatida ishlab chiqilgan.

Barqaror rivojlanish hamda demokratiyada

media va raqamli kommunikatsiyaning roli

Media va axboriy savodxonlik bo‘yicha kompetensiyalar quyidagicha tasniflanadi (o‘qituvchi va ta’lim oluvchilarga birdek tegishli):

1. Barqaror rivojlanish va demokratiyada media hamda raqamli kommunikatsiyaning rolini tushunadi. Masalan, sohaga doir asosiy tayanch tushunchalarni o‘zlashtiradi, ushbu tushunchalarni o‘zlashtirish foydalanuvchilarga nega zarurligini anglaydi. Inson huquqlari orasida so‘z va axborot erkinligining o‘rnini biladi. Kontent tashuvchilariga tanqidiy munosabatda bo‘ladi, fikr va nuqtayi nazarlar xilma-xilligining ahamiyatini asoslaydi. Jurnalistikaning jamiyatdagi axborotlarni verifikatsiyalovchi vazifasini biladi, axborot sohasidagi axloq haqida tushunchaga ega.

2. Kontentni tushunish va undan foydalanish kompetensiyasiga tegishli malakalar tavsifi: kontent va uning maqsadlarini talqin qila olish, axborotning roli va ahamiyatini tushunish, auditoriya nimaligini bilish, turli insonlar va auditoriyalarning kontentni turlicha talqin qilishi bo‘yicha tushunchaga ega bo‘lish, umuminsoniy qadriyatlardan xabardorlik, kontent yaratish, axborot ulashish va anuqtayiiya o‘rtasidagi dinamik, o‘zaro ta’sir qiluvchi va transformatsion potensial munosabatlarni tushunish, sun’iy intellekt va ijtimoiy mediatexnologiyalarni bilish, ularni boshqarish, media va OAVdagi stereotiplarni tahlil qilish strategiyasidan foydalanish, reklamaning insonlar qarorlari va xatti-harakatlariga ta’sir qiluvchi metodlarini aniqlash va tanqidiy tahlil qilish, media reprezentatsiyasini tahlil qilish, shaxsiy va ijtimoiy o‘sish va konfidensiallikning o‘zaro aloqasini tushunish, reklama uzatishda «faol auditoriya» ahamiyatini, biror reklamaning nega muvaffaqiyatli yoki muvaffaqiyatsizligini anglash, reklamaning ta’sirini baholash va hokazo.

3. Axloqiy yondashib, axborotni samarali va to‘g‘ri baholash kompetensiyasiga tegishli malakalar tavsifi: kontentga murojaat (kirish) ning samarali va natijador usullarini tanlash, ma’lumotlar bazasida kerakli ma’lumotlarni qidirishni bilish, kontent tashuvchi (qidiruv tizimlari, kutubxonalar, muzey, arxiv va raqamli axborotlashuv davrida o‘z dolzarbligini saqlab qolgan boshqa manbalar) ning rolini tushunish, qidiruv instrumentlari (qidiruv tizimlari, mavzuli kataloglar va portallar) dan foydalanib, onlayn qidiruvni amalga oshirish, kerakli axborotga yo‘l ochadigan kalitso‘zlar va atamalarni shakllantira olish, turli axborot manbalari orasida to‘g‘ri yo‘nalish topib, o‘ziga kerakli kontentni tanlash, tayanch ilmiy savodxonlikning media va axboriy savodxonlik bilan bog‘liqligini tushunish, mualliflik huquqi sohasida qonunchilikdan xabardor bo‘lish va unga amal qilish, intellektual mulk turlarini bilish va hokazo.

4. Axborot va uning manbalarini axloqiy me’yorlarga amal qilgan holda tanqidiy baholash kompetensiyasida quyidagilar muhim: turli manbalardan olingan kontentni o‘rganish va taqqoslash orqali axborot, ko‘ngilochar kontent va reklama, noto‘g‘ri axborot va dezinformatsiyaning turli funksional xususiyatlarini ajratib ko‘rsata olish, axborotning mazmunini ishonchlilik, aniqlik, nufuzlilik, dolzarblik, tushunarlilik, samaradorlinuqtayiolislik nuqtayi nazaridan baholash, nafrat, yolg‘on yoki manipulyatsiyani aniqlash, haqiqatning turli nazariyalarini o‘rganish, «post haqiqat» illyustratsiya yasovchi konsepsiyasining asosiy xususiyatlarini tahlil qilish, ataylab, g‘araz manuqtayi uzatilgan turli noto‘g‘ri va yolg‘on kontent, jumladan, dezinformatsiya, noto‘g‘ri ma’lumot, axborot sizib chiqishi, fitna nazariyasi, afsonalarni ajrata olish, dezinformatsiya kontekstida trolling va klikbeyt kabi hodisalarning ta’sir mexanizmlarini tushunish, fitna nazariyalarining jozibadorligi sabablarini tushunish, tipologiya va xususiyatlarini aniqlay olish, ularga qarshi tura oluvchi usullarni o‘zlashtirish, raqamli texnologiyalarning imkoniyatlari, jumladan, raqamli muhitda dipfeyklar va manipulyativ usullarning qo‘llanishi haqida tasavvurga ega bo‘lish, yangi bilimlarni oldin olingan bilimlar bilan taqqoslab, ularning qiymati va mazmunida paydo bo‘layotgan qarama-qarshiliklarni aniqlash, tanqidiy tafakkur orqali axborot manbasi, axborot to‘plashda qo‘llangan instrument va strategiyalar, shuningdek, asoslangan xulosalar chiqara olganligiga ko‘ra kontentning ishonchlilik darajasini baholash, matnlarni talqin qilish uchun turli strategiyalardan (xulosalar, o‘rganilgan materiallarni umumlashtirish, sintez qilish, obrazlarga murojaat qilish yoki nuqtayi nazarni asoslash, kontentni dekonstruksiya qilish) foydalanish, konfidensiallik bo‘yicha muammolarni yecha olish, internetga shaxsiy hayotini aralashtirmaslik va bu borada media va axboriy savodxonlik foydaliligini tushunish, shaxsiy ma’lumotlarini raqamli makonda muhofazalash strategiyasini ishlab chiqish, o‘z fikrlarini erkin bildirish, o‘ziga kerakli axborotga kirish imkonini qo‘lga kiritishda konfidensiallik muhimligini tushunish, turli auditoriyalarni identifikatsiyalash va targetlash usullarini tahlil qilish, turli auditoriyalarning mazmunga bo‘lgan munosabatini tahlil qilish va reaksiyalardagi farqlarni aniqlash.

5. Raqamli va an’anaviy mediaformatlardan foydalana olish. Bu kompetensiyani o‘zlashtirish quyidagi ko‘nikmalar ko‘rinishida namoyon bo‘ladi: raqamli texnologiyalar, kommunikatsiya vositalari va tarmoqlarining asoslarini tushunish, shuningdek, ulardan turli maqsad va sharoitlarda foydalana olish, sun’iy intellekt texnologiyalari va ijtimoiy tarmoq bilan o‘zaro munosabatda media va axboriy savodxonlikni qo‘llash, medianing barcha turlari (an’anaviy bosma, elektron, raqamli) da turli shakldagi mediamahsulotlar orqali o‘z fikrini ifodalay olish, onlayn kontentni topish uchun qidiruvni amalga oshirish, yoshlar qanday maqsadda internetdan foydalanishini tushunish, an’anaviy va raqamli texnologiyalarning bir-biridan farqini anglash va hokazo.

6. Axborot, media va raqamli kontentning sotsiomadaniy kontekstini aniqlash. Ushbu kompetensiyaning o‘zlashtirilgani quyidagi ko‘nikmalar mavjudligiga ko‘ra aniqlanadi: media va axboriy savodxonlik barqaror rivojlanish sharti va bu yo‘ldagi muammolar yechimi ekanini tushunish, raqamli ma’lumotlar ijtimoiy va iqtisodiy taraqqiyotni qo‘llab-quvvatlash yoki orqaga tortishda qanday ishlatilishini anglash, qanday qilib muayyan janrlarda manipulyatsiya amalga oshirilishi, ularga nisbatan auditoriyaning munosabatini prognoz qila olish, jurnalistikaning boshqaruv, demokratiya va barqarorlikni ta’minlashdagi ahamiyati, rolini aniqlash, dunyodagi turlicha nuqtayi nazar va qarashlarni ifodalovchi mediamatnlar yaratish, kontent tashuvchilarni madaniyatlararo muloqot ishtirokchilari sifatida baholash, kontentni taraqqiyot, demokratik fuqarolik jamiyati va madaniy xilma-xillikka xizmat qilishi nuqtayi nazaridan tanqidiy baholash, yangiliklar qanday prinsiplarga ko‘ra tayyorlanishini tanqidiy anglash, qayta ishlash vizual kontent mazmuniga qanday ta’sir o‘tkazishini tushunish va hokazo.

7. Ta’lim oluvchilar, fuqarolar o‘rtasida media va axboriy savodxonlikni ilgari surish. Bu kompetensiya quyidagi atributlardan iborat: tahsil oluvchilar va umuman fuqarolar mediamahsulotlarni qanday talqin qilishi va hayotda qanday foydalanishini tushunish, ularga turli vazifa va muammolarni yechishda media va axboriy savodxonlikdan foydalanishiga ko‘maklashish, o‘zlariga mos mediani tanlashga yordam berish.

Agar bu kompetensiyalarni yanada aniqlashtiradigan bo‘lsak, raqamli malakalar quyidagi ko‘rinishlarda namoyon bo‘ladi:

— litsenziya va sertifikatga ega operatsion tizim va dasturlardan foydalanish;

— dasturiy ta’minot va operatsion tizimlarni eng so‘nggi versiyalariga ko‘ra yangilash;

— antivirus dasturlaridan foydalanish;

— ishonchli parollardan foydalanish;

— parolni o‘zgartirganda hisobga olish yozuvlari uchun katta va kichik harflar, raqamlar, maxsus belgilar va minimal uzunligi 8 belgidan iborat parollar yaratish;

— parol asosidagi autentifikatsiyasini kuchaytirish — ma’mur akkaunti, xizmat ko‘rsatuvchi provayderning veb-saytidagi shaxsiy kabineti va serverdagi hisobga olish yozuvlari (akkaunt) uchun murakkab va takrorlanmaydigan paroldan foydalanish;

— ikki bosqichli autentifikatsiyani sozlash;

— kirishga urinishlar soniga cheklov qo‘yish;

— noma’lum odamlardan kelgan pochta xabarlarini ochmaslik, havolalarga kirmaslik;

— jamoat joylarida himoyalanmagan Wi-Fi tarmoqlaridan foydalanmaslik (Man-in-the-Middle, ya’ni muloqotda o‘rtada uchinchi odam bo‘lishi mumkin);

— kiberxavfsizlikni ta’minlash uchun zararli dasturlarni qidirish, o‘chirib tashlash va ulardan himoya qilish funksiyalariga ega xavfsizlik plagin (sayt yoki dasturning qo‘shimcha funksiyasi) larni qo‘llash;

— muntazam ravishda ma’lumotlar bazasi, fayllar, pochta va hokazolarni zaxiralash ishlarini amalga oshirish;

— shaxsiy ma’lumotlar daxlsizligini ta’minlash;

— elektron hamyon xavfsizligini ta’minlash, hisob va karta raqami ma’lumotlarini begonalarga bermaslik;

— tarmoqda mualliflik huquqi masalasini tushunish va bu boradagi huquqiy me’yorlarga amal qilish;

— netiketga amal qilish;

— raqamli ijodkorlik.

Bular qatoriga axborotlarni faktcheking qiluvchi platformalardan, mediamahsulotlar haqiqiyligi, ilk manbasini aniqlovchi dastur va xizmatlardan foydalana olish kabilar ham kiritiladi. Mediasavodxonlik raqamli olamdagi faoliyatni tartibga solish, ommaning axborot va raqamli salomatligini saqlash, raqamli olam bilan muomala qilishning yangi usullarini ishlab chiqish, axborot gigiyenasiga amal qilishga ko‘maklashadi.

Yoki madaniyatlararo kommunikatsiyaning bag‘rikenglik tamoyillarini shakllantirishda quyidagilarga e’tibor berish muhim:

— auditoriyaning boshqa madaniyatlarga integratsiyalashuvi sharti hisoblangan o‘z xalqi madaniyatini chuqur va har tomonlama o‘zlashtirish;

— dunyoda madaniyatlar turli-tumanligi haqida tasavvurni, madaniy tafovutlarga nisbatan tolerant munosabatni paydo qilish;

— turli madaniyat vakillari bilan o‘zaro samarali kommunikatsiyaga kirishish malakasini shakllantirish;

— tinchlik, insonparvarlik, millatlararo bag‘rikeng muloqot ruhini singdirish;

— o‘z qadriyatlarini rad etgan holda, boshqa madaniyatlar ustidan hukm chiqarishga yo‘l qo‘ymaslik;

— o‘z dinini boshqa dinlardan ustun qo‘yish, boshqa e’tiqod vakillarini tahqirlashga, kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik.

Axboriy-psixologik kurash sharoitida mediasavodxonlikka qo‘yiladigan talablar:

— qarama-qarshi tomonlar bir-biriga qarshi agitatsiya, qasddan dezinformatsiya tarqatishi mumkinligini tushunish;

— keng ko‘lamli voqealarga ta’sir o‘tkaza olmasligini haqiqat sifatida qabul qilish;

— ishonchi komil bo‘lmagan axborotlarni tarqatmaslik, axborot oqimida g‘arq bo‘lmaslikka intilish;

— axborot urushida tomonlar bir-birini chalg‘itish uchun foydalangan texnologiyalarni aniqlay olish;

— fikrlarni faktlardan ajrata olish;

— shoshilinch xulosa chiqarmaslik, hissiyotlarni boshqarish;

— faqat o‘zi yoki yaqinlari guvoh bo‘lgan, to‘g‘riligiga ishonchi komil bo‘lgan faktlarni e’lon qilish;

— bahs-munozara madaniyatiga ega bo‘lish, fikri bir xil bo‘lmagan insonlarga nisbatan ham hurmatni saqlab qolish;

— vahima holatida qaror qabul qilmaslik;

— ertami-kechmi har qanday mojaro tugashi va vaziyat o‘z yechimini topishini tushunish, shuning uchun bunday vaziyatlarga butun e’tiborni qaratish to‘g‘ri emasligini anglash;

Mediasavodxonlik 2.0:

ta’limni raqamli muhitga qanday moslashtirish kerak?

«Smart media rivoji, OAV faoliyatiga

sun’iy intellektning joriy etilishi tufayli

mediata’lim sof gumanitar fan bo‘lishni to‘xtatdi».

K.Pantresev

Sun’iy intellekt yangi raqamli chegara sifatida barcha ijtimoiy faoliyat turlari singari jurnalistika sohasida ham qator o‘zgarish va yangilanishlarga sabab bo‘lmoqda. Bill Geyts aytganidek, sun’iy intellekt davri boshlandi. Mark Kuban uzog‘i uch yil ichida sun’iy intellektni o‘rganmasangiz, yaxshi daromad va karera qilolmacligingizni ta’kidlaydi. Ilon Maskning sun’iy intellekt urush va ishsizlikning mumkin bo‘lgan manbasi degan qarashini ham to‘liq inkor eta olmaymiz.

Bugungi kunda sun’iy intellektdan foydalanish turli soha mutaxassislari, jumladan, media sanoati vakillarining ham e’tiborini tortmoqda. Bu esa axborot yaratuvchilar bilan birga axborot iste’molchilaridan sun’iy intellekt, yangi aqlli algoritmlar bilan ishlashda yangi ko‘nikmalarni talab yetmoqda.

Mediasavodxonlik 2.0 — bu zamonaviy raqamli muhitda mediakontentni to‘g‘ri tushunish, baholash va yaratish qobiliyatidir. U an’anaviy mediasavodxonlikdan farqli ravishda quyidagi jihatlarni qamrab oladi:

— raqamli tanqidiy fikrlash;

— onlayn ma’lumotlarning haqiqiyligini tekshirish;

— dipfeyk, sun’iy intellekt yordamida yaratilgan soxta kontentni aniqlash;

— manipulyativ reklama va yangiliklarga qarshi immunitet hosil qilish;

— faol ishtirokchi bo‘lish;

— ijtimoiy tarmoqlarda mazmunli muloqot qilish;

— kontent yaratishda kreativlik va mas’uliyat;

— open-source va creative commons litsenziyalaridan foydalanish;

— ma’lumot xavfsizligini ta’minlash;

— shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish;

— raqamli izlarni boshqarish;

— kiberxavfsizlik asoslarini bilish;

— media ekologiyasini o‘zlashtirish;

— raqamli isrof (information overload) ni boshqarish;

— media iste’molidagi muvozanatni saqlash;

— raqamli detoks amaliyoti.

An’anaviy mediata’limda asosiy fokus manbalarni tekshirish va baholashga qaratilsa, yangi mediata’limda algoritmlarni tahlil qilish, sun’iy intellekt generatsiya qilgan kontentni aniqlashga qaratiladi.

Seminar mashg‘ulotlari uchun topshiriq va savollar:

1. Mediasavodxonlik, axboriy savodxonlik va raqamli savodxonlik o‘rtasida qanday farq bor?

2. Myediasavodxonlikka oid asosiy ko‘nikma va kompetensiyalar nimalardan iborat?

3. Sun’iy intellekt yoki raqamli texnologiyalardan foydalanishda qanday xavflar bor va ulardan qanday himoyalanasiz?

4. «Ideal raqamli ta’lim kuni» ssenariysini yozing.

Interaktiv praktikum

SCORE usulida guruhlar bilan ishlash

Mavzu: Axborotning nomaqbul ko‘rinishlari va axboriy ifloslanish sabablari

Maqsad — ishtirokchilarda axborot maydonidagi muammolarni tahlil qilish, ularning sabablarini anglash, natijalarini baholash va samarali yechimlar ishlab chiqish ko‘nikmasini shakllantirish.

Ishlash tartibi:

1. Guruhlarga bo‘lish.

— 4—5 kishidan iborat kichik guruhlar tuziladi;

— har bir guruhga alohida vatman yoki kartochkalar, markerlar beriladi.

2. Tushuntirish (5 daqiqa)

— Trener SCORE usuli haqida qisqacha ma’lumot beradi:

— S — Symptom (simptom): muammo belgilarini aniqlash;

— C — Cause (sabab): muammoning kelib chiqish sabablarini topish;

— O — Outcome (natija): muammo yechimidan kutilgan natijalar;

— R — Resources (resurs): yechimga erishishda zarur vositalar;

— E — Effect (samara): amaliy tavsiyalar va ta’sir ko‘rsatish yo‘llari.

Har bir guruhdan bitta ishtirokchi chiqib, kartochka tanlaydi. Unda chiqqan harf belgisiga guruh mavzuning bitta yo‘nalishida ishlaydi: S — Simptom, C — Sabab

O — Natija, R — Resurs, E — Samara.

3. Guruhli ish (25–30 daqiqa)

Har bir guruh quyidagi jadval asosida ishlaydi:

4. Natijalarni flipchart yoki posterlarda aks ettirib taqdimot o‘tkazish (10–15 daqiqa)

— Har bir guruh o‘z ishini taqdim etadi.

— Boshqa guruhlar savol beradi yoki qo‘shimcha qiladi.

5. Xulosa (5–7 daqiqa)

— Trener umumiy xulosa qiladi: axboriy ifloslanishga qarshi kurashishda mediasavodxonlik va kiberxavfsizlik asosiy vosita ekanligi ta’kidlanadi.

Kutiladigan natija:

— Ishtirokchilar axboriy ifloslanish belgilari va sabablarini ajrata oladi.

— Muammoni bartaraf etish yo‘llarini aniqlaydi.

— Axborot bilan ishlashda mas’uliyatli yondashuv shakllanadi.

«Axboriy gigiyena» chek listi

3-BOB. TANQIDIY TAFAKKUR MEDIASAVODXONLIKNING ASOSIY INSTRUMENTI SIFATIDA

«Tanqid bu saralamoqdur».

Mahmudxo‘ja Behbudiy

3.1. Tanqidiy fikrlash ta’rifi, tasnifi

3.2. Tanqidiy fikrlashni rivojlantiruvchi usullar

3.3. Axboriy olamda tanqidiy fikrlash muvaffaqiyat omili sifatida

3.4. Tanqidiy fikrlash bosqichlari

Tanqidiy fikrlash ta’rifi, tasnifi.

Tanqidiy fikrlash aniq, oqilona, mantiqiy va mustaqil fikrlay olish qobiliyatidir. Ya’ni faktlarni tahlil qilish va baholash orqali tafakkurni rivojlantirish jarayoni. Masalan, siz ijtimoiy tarmoqda yangi darslikda ko‘plab xatolar borligi haqidagi xabarni ko‘rdingiz. Tanqidiy tafakkurga ega inson bu ma’lumotni darhol tarqatmaydi. Avvalo, rasmiy manbalardan ma’lumot izlaydi. Boshqa ishonchli OAVda ushbu mavzuda xabar berilganini tekshiradi. Darslikning o‘zi yoki rasmiy elektron nusxasini ko‘rib chiqadi. Xabar tarqatgan manbaning ishonchliligini baholaydi. Shundan so‘ng to‘plagan dalil va ma’lumotlariga tayanadi. Bu ongli va mas’uliyatli fikrlashdir. Tanqidiy fikrlash jarayonida to‘g‘ri muloqot qilish, muammolarni hal etish, xato yoki biryoqlama fikrdan xoli bo‘lish juda muhim. U har qanday mavzu, muammo yoki vaziyatda qo‘llanishi mumkin.

Deylik, tanishingiz sizga: «Yangi qonun qabul qilinsa, soliqlar ikki baravar oshar ekan», deydi. Bu holatda tanqidiy fikrlasangiz, xulosa chiqarishga, noroziligingizni bildiruvchi postlar yozishga shoshmaysiz. Tanqidiy fikrlash orqali qonunning rasmiy matni va tegishli hujjatlarni o‘qib chiqasiz, mustaqil OAV vnuqtayiyert fikrlarini qiyoslaysiz, ma’lumot manbalarida chalkashlik yoki manipulyatsiya bor-yo‘qligini baholaysiz. Shundan keyin biror xulosaga kelasiz.

Yana bir misol. «Limon sharbati ichish qon bosimini bir kunda pasaytiradi» degan gapni o‘qidingiz. Tanqidiy fikrlab, ilmiy tadqiqotlar va tibbiy manbalarni tekshirasiz, maqolada manbalar va raqamlar keltirilganini ko‘rasiz, shaxsiy tajriba va ekspert maslahati bilan qiyoslaysiz.

Tasavvur qilamiz: ijtimoiy tarmoqda «10 kunda bergan pulingizni uch baravar qilib qaytaramiz» degan reklama chiqdi. Tanqidiy fikrlab, kompaniya litsenzinuqtayi huquqiy holatini tekshirasiz. Muqaddam shu xizmatdan foydalangan odamlar tajribasini o‘rganasiz. Alomatlarini ko‘rib, aldov sxemasi bo‘lish ehtimolini baholaysiz. Ko‘rinib turganidek, tanqidiy fikrlash — bu voqealar va axborotni tahlil qilish, hodisalarni talqin etish, baholash va obyektiv xulosalar chiqarish jarayonida qo‘llanadigan fikr yuritish tizimidir.

Axborotdan salbiy maqsadda ehtimoliy foydalanish manipulyatsiya, propaganda orqali odamlarga ta’sir o‘tkazish, aldash, ig‘vogarlik, xafagarchilik, qo‘rquv va vahima solish, insonlarni boshqarish, ba’zi fikrlarni, g‘oyalarni majburiy singdirish, biror ishni qilishga majburlash, insonning muayyan voqealarga munosabatini o‘zgartirish kabi shakllarda bo‘lishi mumkin. Bunday holatda aldanib qolmaslik, bizni boshqarmasliklari uchun tanqidiy tafakkur zarur. Tanqidiy fikrlash hargiz boshqalarni tanqid qilish, xato topish, ayblash, qoralash, norozi bo‘lish, salbiy fikr bildirish emas. Aksincha, aniq, oqilona, mantiqiy, ehtiyotkorona, mulohazali va mustaqil fikrlash demakdir. Bu — sinchilik, axborotga baho bera olish, ma’lumotni tushunish, vaziyatni turli tomonlardan ko‘rish va barcha ijobiy hamda salbiy jihatlarni taroziga solish, axborotning saragini sarakka, puchagini puchakka chiqarish. Axborotning qaysi yolg‘on, qaysi haqiqat, qaysi nayrang, qaysi samimiy ekanini ajratish ko‘nikmasi. Zero, Jaloliddin Rumiy aytganidek, “...to«g‘rilik… izla, ammo ayb izlama».

Tanqidiy fikrlashni g‘alvirga o‘xshatish mumkin. Mediadan kelayotgan ulkan ma’lumotlar oqimi — bu qum, tosh va oltin zarralari aralashmasidir. Tanqidiy fikrlash g‘alviri orqali biz foydasiz yoki noto‘g‘ri ma’lumotlarni (yolg‘on, xato, asossiz fikrlar) elab tashlaymiz va faqat eng qimmatli, ishonchli va haqiqiy «oltin zarralari”ni (faktlar va to‘g‘ri xulosalar) o‘zimizda saqlab qolamiz.

Tanqidiy fikrlagan inson keladigan ma’lumotlarni va o‘z qarashlarini shubha ostiga oladi, o‘zining kognitiv xatolari (masalan, stereotiplar yoki noto‘g‘ri xulosalar) ni tushunish va ularni tuzatishga tayyor bo‘ladi. Tanqidiy fikrlashning ko‘plab ilmiy ta’riflari mavjud, lekin hozir biz Jahon banki ekspertlari bergan ta’rifga e’tibor qaratamiz: «Tanqidiy fikrlash — bu muammoga yondashuvlar, muqobil yechimlar va xulosalarning kuchli hamda zaif tomonlarini aniqlash uchun mantiq va xulosalardan foydalanishdir. Bu ko‘nikma insonni ma’lumotlar ummonida adashib qolmaslikka va boshqalarning ta’siriga ko‘r-ko‘rona tushmaslikka o‘rgatadi.

Tanqidiy fikrlash 2020-yilning eng muhim ko‘nikmalari uchligiga kiritilgan. U ikkinchi o‘rinda turadi. Axborot sohasida faoliyat yurituvchi insonlarning tanqidiy fikrlash jarayoni yangiliklar yaratish jarayoni bilan uzviy bog‘liq.

Tanqidiy fikrlash — axborotni tahlil qilish, xulosalar chiqarish va o‘tkazilgan tahlil asosida qaror qabul qilish, shu bilan birga, o‘z fikrini shakllantirish va uni himoya qilish imkoniyatini beruvchi asosiy ko‘nikmalardan biri. U biz o‘qish davomida tayanadigan manbalarni tanlash, munosabatlar sababini ko‘rish, axborotni umumlashtirish va tizimlashtirish, fikrimizni asoslash va boshqalarning fikrlashidagi zaif nuqtalarni ko‘rishda yordam beradi. Tanqidiy fikrlash mediasavodxonlik asosiy komponentidir. Tanqidiy fikrlash uchun zarur bo‘lgan asosiy ko‘nikmalar to‘plami kuzatuv, talqin qilish, tahlil qilish, xulosalar chiqarish, baholash qobiliyatini o‘z ichiga oladi. Tanqidiy fikrlash mantiqni qo‘llaydi, shuningdek, ishonchlilik, aniqlik, ahamiyatlilik, chuqur tushunish, dunyoqarash va adolat kabi keng intellektual mezonlarga asoslanadi. Ijodiy tasavvur, nuqtayi nazar va hissiylik ham tanqidiy fikrlashning ajralmas qismidir.

Tanqidiy fikrlashni rivojlantiruvchi usullar

Tanqidiy fikrlashni shakllantirib beruvchi qator usullar mavjud. Shulardan biri 5W va 1H formulasi. Bunga ko‘ra siz qabul qilayotgan axborotlar kim, nima, qachon, qayerda, qanday qilib, nima uchun kabi savollarga javob berishi kerak. Agar axborot to‘liq bo‘lmasa, unga ishonmaslik uchun asos mavjud.

Ikkinchi usul — IMVAIN manbalarni tekshirishga yordam beradi. Agar manba mustaqil bo‘lmasa, tasdiqlanmagan, keltirilmagan va nomlanmagan bo‘lsa, unda materiallar manbasi nuqtayi nazaridan ishonchsiz deb hisoblanishi mumkin.

Zamonaviy tadqiqotchilardan biri P. Ennis tanqidiy fikrlashga doir asosiy va eng muhim komponentlarni quyidagicha ifodalashni taklif etadi: aniq ifoda, asoslarni qidirish, chuqur xabardor bo‘lishga harakat qilish, muqobillarni izlash, o‘tkir aql, asoslar yetarli bo‘lmasa, bahsga kirishmaslik.

Tanqidiy fikrlash tug‘ma xususiyat emas, balki tizimli yondashuv va amaliyot orqali rivojlantirish mumkin bo‘lgan ko‘nikmadir. Bu jarayonning bosqichlarini tavsiflovchi bir nechta model mavjud.

Masalan, «IDEAS» modeli (5 bosqich):

1. I (Identify) — muammoni aniqlash va ustuvorliklarni belgilash.

2. D (Determine) — tegishli ma’lumotlarni aniqlash va chuqur tushunish.

3. E (Enumerate) — variantlarni sanab o‘tish va oqibatlarni oldindan ko‘ra bilish.

4. A (Assess) — vaziyatni baholash va dastlabki qaror qabul qilish.

5. S (Scrutinize) — butun jarayonni sinchkovlik bilan tekshirish va zarur bo‘lganda o‘zini tuzatish.

«IDEAL» modeli vazifani anglash, uni aniqlash, mumkin bo‘lgan yechimlarni ishlab chiqish, strategiyaga muvofiq harakat qilish va natijalarni baholash uchun «ortga nazar tashlash”ni qamrab oladi.

3. To‘rtta savol algoritmiga ko‘ra, fikrlashni tartibga solish uchun «Maqsad nima?», «Nimalar ma’lum?», «Qaysi fikrlash ko‘nikmalari maqsadga erishishga imkon beradi?» va «Maqsadga erishildimi?» kabi savollarga ketma-ket javob berish foydalidir.

Tanqidiy tafakkur mediasavodxonlikning ajralmas komponenti sifatida o‘z manfaatlaringizga qarshi, ammo axboriy bosim o‘tkazuvchilar maqsadlariga mos ravishda fikrlash va harakatlanishga chek qo‘yadi. Yolg‘on xabar bilan emas, haqqoniy axborotni qabul qilishingizni ta’minlaydi. Ijtimoiy tarmoqlardan ruhiy salomatlikni ta’minlagan holda foydalanishga o‘rgatadi.

Axboriy olamda tanqidiy fikrlash muvaffaqiyat omili sifatida

Media ekspertlari tomonidan OAV uchun tayyorlangan targ‘ibot materialida keltirilishicha, tanqidiy fikrlash ma’lumotni tahlil qilish va manipulyatsiyaga berilmaslikda muvaffaqiyat kaliti hisoblanadi. Tanqidiy fikrlash haqiqatni yolg‘on ma’lumotdan ajratishga, turli ta’sirlarga qarshi turish va obyektiv fikrni shakllantirishga yordam beradi. U sizga ma’lumotni taqdim etilgan shaklda qabul qilmaslik, balki dalillarni izlash va muqobil nuqtayi nazarlarni ko‘rib chiqishga o‘rgatadi. Bu, ayniqsa, noto‘g‘ri ma’lumotlar jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan ish, siyosat va tibbiyot kontekstida juda muhim. Mantiqiy xatolarni tan olish, manbalarni tekshirish va kategorik bayonotlarga savol berish qobiliyati tashviqot va vijdonsiz mutaxassislarning ta’siridan qutulish imkonini beradi.

Tanqidiy fikrlashni rivojlantirish nafaqat kundalik hayotda, balki moliyaviy masalalarda ham yaxshiroq qarorlar qabul qilishga yordam beradi. Firibgarlar, intruziv reklama va spekulyativ investitsiya sxemalari jabrlanuvchining tahlili yo‘qligiga asoslanadi. Axborotni tanqidiy baholay oladigan inson haddan tashqari jozibali takliflarga uchmaydi, byudjetni oqilona rejalashtirish va moliyaviy xatolardan qochish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Qisqasi, tanqidiy fikrlash yolg‘ondan himobyektivenuqtayialki muvaffaqiyatli hayot kechirish vositasidir.

Tanqidiy tafakkurni rivojlantirish insonni noto‘g‘ri ma’lumotlarga nisbatan chidamli qiladi, unga faktlarni soxta ma’lumotlardan ajratish imkonini beradi. Axborot bir zumda tarqaladigan bugungi dunyoda manipulyatsiyani ajratish, manbalarni tekshirish va dalillarni tahlil qilish muhimdir. Tanqidiy fikrlash qobiliyatiga ega odamlar balandparvoz sarlavhalardan vahimaga tushmaydi va shov-shuvli bayonotlarga ko‘r-ko‘rona ishonmaydi. Ular savollar berishi, ma’lumot tasdiqlaganini izlashi va ongli qarorlar qabul qilishi mumkin. Bu ularning yolg‘on xabarlar ta’siriga tushish ehtimolini kamaytiradi.

Bundan tashqari, tanqidiy fikrlash iqtisodiyot, fan, siyosat yoki tibbiyotdagi murakkab masalalarni tushunishga yordam beradi. U bizni murakkab ma’lumotlardan qo‘rqmaslikka, aksincha, ularni chuqur tushunishga o‘rgatadi. Ilmiy kashfiyotlar, texnologik innovatsiyalar va global muammolar ongli yondashuvni talab qiladigan dunyoda bu mahorat, ayniqsa, muhim. Ma’lumotlarni tahlil qila oladigan va tafsilotlar ortidagi katta mohiyatni ko‘ra oladigan inson ko‘proq asosli qarorlar qabul qiladi va yuzaki hukmlardan qochadi.

Jamiyat darajasida tanqidiy fikrlash tashviqot va manipulyatsiyaga qarshi turishda asosiy rol o‘ynaydi. Siyosiy va tijoriy tuzilmalar ko‘pincha odamlarni muayyan harakatlarga ko‘ndirish uchun hissiy usullardan foydalanadi. Biroq jamiyatda axborotni tanqidiy baholash darajasi yuqori bo‘lsa, manipulyatorlar o‘z maqsadiga yetishda qiyinchiliklarga duch keladi. Odamlar qanday qilib manipulyatsiya qilinayotganidan xabardor bo‘lib, tashviqotga kamroq moyil, jamiyat yanada chidamli va yetuk bo‘lib boradi.

Nihoyat, rivojlangan tanqidiy fikrlash moliyaviy piramidalar, soobyektivsnuqtayiar yoki soxta ilmiy nazariyalar, firibgarlikka qarshi zaiflikni kamaytiradi. Axborotni tahlil qilishga, savollar berishga va manbalarni tekshirishga odatlangan odamning firibgarlar tuzog‘iga tushib qolish ehtimoli kamroq. Natijada nafaqat shaxslar, balki butun jamiyanuqtayibgarlikdan ko‘proq himoyalanadi. Bu esa umumiy ishonch va xavfsizlik darajasining oshishiga olib keladi.

Rivojlangan mamlakatlar ta’lim tashabbuslaridan boshlab aholi o‘rtasida tanqidiy fikrlashni rivonuqtayirish dasturlarini faol amalga oshirmoqda. Masalan, Finlyandiyada maktab o‘quv dasturiga mediasavodxonlik darslari kiritilgan. U yerda bolalarga yangiliklarni tahlil qilish, manbalarni tekshirish va manipulyatsiyani tan olish o‘rgatiladi. Tizim o‘z samaradorligini isbotladi: tadqiqotlarga ko‘ra, finlarning boshqa Yevropa mamlakatlaridagi odamlarga qaraganda dezinformatsiya qurboni bo‘lish ehtimoli kamroq. Bunday ta’lim dasturlari ma’lumotlardan ongli, asosli xulosalar chiqarishga qodir avlodni tarbiyalashga yordam beradi.

Yana bir muvaffaqiyatli misol Shvetsiyada bo‘lib, u yerda maktablar va universitetlar ma’lumotlarni tahlil qilish va mantiqiy fikrlashga katta e’tibor beradi. Mamlakatda soxta yangiliklarga qarshi kurash dasturi mavjud. Unda talabalar ijtimoiy tarmoq algoritmlari qanday ishlashi, sarlavhalar qanday shakllantirilishi va manipulyatorlar qanday usullardan foydalanishini o‘rganadi. Natijada shvedlar tekshirilmagan ma’lumotlarga nisbatan ancha past ishonchga ega va soxta yangiliklarni aniqlash qobiliyati global o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqori. Bu jamiyatning muhim voqealarga obyektiv nuqtayi nazarini saqlash va tashviqotga berilmaslikka yordam beradi.

AQSH va Kanada, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda dezinformatsiyaga qarshi kurash kontekstida tanqidiy fikrlashni rivojlantirish bo‘yicha choralar ko‘rmoqda. Masalan, Kanadada aholini mediasavodxonlikka o‘rgatish va internetdagi ma’lumotlarni tahlil qilishga qaratilgan «Raqamli fuqarolik tashabbusi» (ingl. Digital Citizen Initiative) deb nomlangan davlat dasturi ishga tushirildi. Qo‘shma Shtatlarda universitetlar va maktablar mantiq va argumentatsiya, shuningdek, kognitiv tarafkashliklarni aniqlash kurslarini qamrab oladi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, bunday choralar odamlarga soxta yangiliklar mexanizmlarini yaxshiroq tushunish va uning ta’sirini kamaytirishga yordam beradi. Jamiyatni manipulyatsiya va firibgarlikka chidamli qiladi.

So‘nggi yillarda yurtimizda mediasavodxonlik darajasini oshirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi. Biroq bu boradagi ma’lumot va ta’lim yo‘qligi bilan bog‘liq ko‘plab muammolar saqlanib qolmoqda. Shu munosabat bilan ushbu ma’rifiy dasturlarni davom ettirish, aholining xabardorligini oshirish zarurati paydo bo‘ldi.

Tanqidiy fikrlash bosqichlari

I. Ma’lumot manbalaringizni tekshiring

I. Duch kelgan birinchi manbaga ishonmang. Bir nechta mustaqil manbalardan olingan ma’lumotlarni solishtiring, ayniqsa, ma’lumot kuchli his-tuyg‘ularni uyg‘otsa. Tasdiqlangan manbalar va ilmiy nashrlardan foydalaning. Shu o‘rinda ayniqsa davlat organlarining rasmiy manbalariga, shu jumladan ularning veb-saytlari va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga murojaat etish tavsiya etiladi. Natijada soxta ma’lumot va dezinformatsiyaga ishonish xavfi kamayadi, voqealarga obyektiv nuqtayi nazarni shakllantirish qobiliyati rivojlanadi.

II. Savollar bering va dalillarni tahlil qiling

Axborotni qabul qilayotganingizda «bundan kimga naf?», «bu nimaga asoslanadi?», «bunga qanday dalillar bor?» degan savollarni berish odatini rivojlantiring. Dalillarni mantiq va sog‘lom fikr nuqtayi nazaridan baholang.

III. Argumentatsiya qobiliyatingizni mashq qiling

Munozaralarni mashq qiling, o‘z nuqtayi nazaringizni shakllantirish va himoya qilishni o‘rganing, shuningdek, xatolaringizni tan oling. Mantiq bo‘yicha kitob va maqolalarni o‘qing, bahslarda qatnashing.

IV. Yangi faktlar paydo bo‘lganda fikringizni o‘zgartirishdan qo‘rqmang

Agar sizning fikringizga zid bo‘lgan ishonchli dalillar paydo bo‘lsa, o‘z pozitsiyangizni qayta ko‘rib chiqishga tayyor bo‘ling. O‘z qarashlaringizga hissiy bog‘lanishsiz dalillarni baholang.

Tanqidiy fikrlashni rivojlantirish bu shunchaki shaxsga ongli qarorlar qabul qilishga yordam beradigan mahorat emas. Bu dezinformatsiya, tashviqot va firibgarlikka qarshi tura oladigan sog‘lom jamiyat qurishning asosiy asosidir. Odamlar ma’lumotni tahlil qilishni, manbalarni tekshirishni va hissiy manipulyatsiyaga qarshi turishni bilsa, ular o‘z harakatlarida yanada mustaqil va ongliroq bo‘lishadi. Bu nafaqat shaxsiy qarorlarga, balki siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotdagi ishtirokiga ham tegishli.

Davlat uchun tanqidiy fikrlaydigan aholi tashqi va ichki tahdidlarga nisbatan zaiflikni kamaytirish, kuchli demokratiya va jamiyatda ishonch darajasini oshirishni anglatadi. Agar fuqarolarning aksariyati haqiqatni yolg‘ondan ajrata olsa, qo‘rquv va jaholatga asoslangan turli ta’sirlar o‘z kuchini yo‘qotadi. Bundan iqtisod ham foyda ko‘radi: kam odam firibgarlik qurboni bo‘ladi, resurslar oqilona sarflanadi va biznes afsonalarga emas, balki obyektiv ma’lumotlarga asoslanib rivojlanadi. Oxir oqibat, tanqidiy fikrlash normasi bo‘lgan jamiyat barqaror, erkin va muvaffaqiyatli bo‘ladi.

Seminar mashg‘ulotlari uchun topshiriq va savollar:

— Zamonaviy jamiyatda tanqidiy fikrlash nima uchun kerak?

— Tanqidiy fikrlash nima va u oddiy «tanqid”dan qanday farq qiladi?

— Jahon banki ekspertlari tanqidiy fikrlashni qanday ta’riflaydi?

— Axborotdan salbiy maqsadlarda foydalanishning asosiy shakllarini sanab bering.

— Tanqidiy fikrlashni rivojlantiruvchi usullarni sanang.

— P. Ennis taklif qilgan tanqidiy fikrlashning asosiy komponentlari nimalardan iborat?

— Ma’lumotni bir nechta manbadan tekshirish nega muhim?

— «Olti shlyapa» usulida fikrlashni mashq qiling. Edvard de Bono taklif etgan «6 xil rangli shlyapa usuli”da biror mavzu tanlanadi. Navbatma-navbat shapkalar kiyiladi: oq — diqqat bilan, hech qanday emotsiyasiz barcha faktlar tekshiriladi, qora — kamchiliklar aniqlanadi, sariq — mavjud holat tahlil etiladi, yashil — yana yangi bir necha g‘oyalar qo‘shiladi, qizil — emotsional munosabat bildiriladi, ko‘k — ish xotimalanadi. Masalan, ta’lim tizimiga oid qonunchilikni takomillashtirish mavzusi ko‘rilayotgan bo‘lsa, mavjud qonunchilik o‘rganiladi, kamchilik va bo‘shliqlar aniqlanadi, qonuniy me’yorlarning real holat bilan mosligi yoki qarama-qarshiligi o‘rganiladi, ta’lim sifatini oshirishga xizmat qiluvchi takliflar beriladi, ular amalga oshsa, qanday samara berishi izohlanadi, taklif loyiha shaklida rasmiylashtiriladi.

— Biror masalani chuqur o‘rganish uchun savollar berishning sokratik va teskari savol usullaridan foydalaning.

— Ayni kunda dolzarb va trendda bo‘lgan mavzudagi istalgan materialdagi fikr va faktlarni ajratib chiqing.

Interaktiv praktikum

«Olti shlyapa» usulida mantiqiy fikrlash mashqi

«Olti shlyapa» usulida fikrlashni mashq qiling. Edvard de Bono taklif etgan «6 xil rangli shlyapa usuli”da biror mavzu tanlanadi. Navbatma-navbat shapkalar kiyiladi:

oq — diqqat bilan, hech qanday emotsiyasiz barcha faktlar tekshiriladi,

qora — kamchiliklar aniqlanadi,

sariq — mavjud holat tahlil etiladi,

yashil — yana yangi bir necha g‘oyalar qo‘shiladi,

qizil — emotsional munosabat bildiriladi,

ko‘k — ish yakunlanadi.

Masalan, ta’lim tizimiga oid qonunchilikni takomillashtirish mavzusi ko‘rilayotgan bo‘lsa, mavjud qonunchilik o‘rganiladi, kamchilik va bo‘shliqlar aniqlanadi, qonuniy me’yorlarning real holat bilan mosligi yoki qarama-qarshiligi o‘rganiladi, ta’lim sifatini oshirishga xizmat qiluvchi takliflar beriladi, ular amalga oshsa, qanday samara berishi izohlanadi, taklif loyiha shaklida rasmiylashtiriladi.

Boshqa istalgan mavzuda ham tanqidiy fikrlashning shu usulini qo‘llash mumkin:

Ijtimoiy tarmoqlarda feyk akkauntlar va ularning ta’siri

Ommaviy axborot vositalarda sensatsiya va klikbeyt sarlavhalar

Raqamli dunyoda shaxsiy ma’lumot xavfsizligi

Ijtimoiy stereotiplar va axborot orqali diskriminatsiya

Mish-mishlar jamiyatda qanday tarqaladi?

Internetda ko‘p ma’lumot oqimi: foydali axborotni qanday ajratib olish mumkin?

Bu fikrlash usulining sal boshqacharoq versiyalari ham bor. Uni ham qo‘llab ko‘ring.

4-MAVZU. AXBOROT MANBALARI VA ULARDAN FOYDALANISH MADANIYATI

— Axborot manbasi nima?

— Axborot manbasi turlari va olinishi cheklangan axborotlar.

— Sun’iy intellekt axborot manbasi bo‘la oladimi?

— Internet materiallarini arxivlash platformalari.

— Axborot manbalarining ishonchliligini aniqlash. Chek-listlar bilan ishlash.

Axborot manbasi nima?

Axborot manbasi — axborotning mavjudligini identifikatsiyalovchi, axborotni birinchi bo‘lib uzatgan, uning haqiqiyligini tasdiqlagan obyektdir. U ma’lumotni taqdim etuvchi shaxs, tashkilot, vosita yoki platforma bo‘lishi mumkin. O‘zbek tilining izohli lug‘atida keltirilishicha, «manba» so‘zi arabchadan olingan bo‘lib, «boshlanish», «ibtido», ko‘chma ma’noda esa biror ish-harakat yoki faoliyatning yuzaga kelishi uchun asos yoki omil bo‘lgan narsa mazmunida qo‘llanadi.

Axborotlarni qidirayotganimizda axborot manbalariga murojaat qilamiz. O‘zimiz ham axborot tarqatsak, axborot manbasiga aylanamiz. Voqeaning ishtirokchilari, guvohlari, hujjatlar ham axborot manbasi bo‘lishi mumkin.

Axborot manbasi turlari va olinishi cheklangan axborotlar

Axborot manbalarining bir necha turi bor. Masalan, ularni mazmuniga ko‘ra quyidagi turlarga bo‘lish mumkin:

1. Rasmiy manbalar. Bunga davlat idoralari, xalqaro tashkilotlar, rasmiy veb-saytlar, hukumat hisobotlari kiradi. Bu axborot manbalari 24/7 rejimida ochiq, foydalanish tekin, ishonchli va hokazo. Bunga qaysi axborot manbalarini kiritsa bo‘ladi? Masalan, O‘zbekiston sharoitida sizga quyidagi rasmiy axborot manbalari axborot izlash va undan foydalanishda ko‘makchi bo‘lishi mumkin:

stat.uz — O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasi sayti.

data.egov.uz — O‘zbekiston Respublikasi ochiq ma’lumotlar portali.

lex uz — O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi.

Deylik, siz O‘zbekistonda havoning ifloslanishi haqida ma’lumot qidirsangiz, tasdiqlangan axborotni stat.uz — O‘zbekiston Respublikasi milliy statistika qo‘mitasi saytidan olishingiz mumkin.

O«zbekistonda havoga eng ko‘p ifloslantiruvchi modda chiqarayotgan hudud Toshkent viloyati ekanini aniqlaymiz. O‘rganish uchun shu hududga ko‘proq e’tibor qaratamiz. Xalqaro vaziyat bilan solishtirish uchun IQAir tomonidan e’lon qilinadigan «Dunyodagi eng iflos shaharlar» reytingini ham ko‘rib chiqsa bo‘ladi.

Qolaversa, har bir tizim yoki vazirlikning saytida berilgan ochiq ma’lumotlar orqali davlat xaridlari, tender savdolari, tadbirlarga ajratilgan mablag», ularning sarfi haqidagi ma’lumotlarni olishimiz mumkin.

O«zbekiston Respublikasi «Open Budjet» portali:

Mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan qabul qilinadigan qarorlarni ishlab chiqish, kelishish va ro‘yxatdan o‘tkazishning yagona elektron tizimi:

Raqamli hukumatning axborot tizimlari va resurslari yagona reyestri:

Internet tarmog‘ida e’lon qilingan sud qarorlari:

Axborotni qidirishdan tashqari, ma’lumotlarni tekshirishda ham shu manbalardan foydalanamiz. Deylik, «O‘zbekistonda vafot etayotganlarning 61 foizi yurak-qon tomir kasalliklariga chalinganlar hissasiga to‘g‘ri keladi» degan axborotni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hisobotlari va O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlari asosida tekshiramiz. Shu tariqa axborotning to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekani tasdiqlanadi.

Rasmiy axborot manbalariga misollar:

Jahon banki ma’lumotlari — data.worldbank.org

Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti ma’lumotlari — data.oecd.org

Yevropa Ittifoqi statistika portali — ec.europa.eu/eurostat

BMT rivojlanish dasturi ma’lumotlari — unstats.un.org

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlar bazasi — who.int/data

2. Norasmiy axborot manbalari. Bloglar, ijtimoiy tarmoqlar, forumlar, anonim xatlar va hokazo. Norasmiy axborot manbalari ko‘pincha nazorat qilinmaydigan va huquqiy javobgarlik darajasi past bo‘lgan manbalardir. Ular axborotni tez tarqatishi mumkin, ammo axborotlarning barchasi ham ishonchli emas. Yolg‘on axborotlar, tarafkash axborotlar, fakt keltirilmagan asossiz ayblovlar uchraydi. Ijtimoiy tarmoqlar tezkorligi, keng qamrovi, jonli fikr almashish imkoniyati bilan ajralib tursa ham feyk xabarlar, manipulyatsiya, kontekstdan uzib olingan ma’lumotlar ko‘pligini inkor etib bo‘lmaydi.

Bloglar muallifning shaxsiy tajribasi, muqobil nuqtayi nazarini aks ettirish bilan birga, subyektivlik, dalillarsiz xulosalarga ham yo‘l ochib beradi. Forum va onlayn muhokamalar tajriba almashishga imkon bersa-da, anonimlik sababli noto‘g‘ri yoki chalg‘ituvchi ma’lumot ko‘p.

Anonim manbalar ham norasmiy axborot manbalari doirasiga kiradi. Bu muallifi, manzili, bog‘lanish uchun kontaktlar ko‘rsatilmagan Telegram kanallari bo‘lishi mumkin. Senzura cheklovlaridan tashqari bo‘lgani sababli ba’zida so‘z erkinligi, fikrlar xilma-xilligi va muqobilligini ta’minlaydi. Ba’zi holatlarda maqsadli dezinformatsiya vositasi bo‘lishi mumkin.

Norasmiy manbalar orqali ma’lumot tez tarqaladi. Bugungi raqamlashuv sharoitida rasmiy kanallardan oldin tarqalishi mumkin. Ko‘pincha voqea joyidan guvohlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri kontent yaratadi. Ijtimoiy tarmoqlardan sifatli axborot topish mumkin. Faqat uni tekshirish zarur. Ya’ni:

— har bir ma’lumotni kamida ikkita rasmiy yoki nufuzli manba bilan tasdiqlash;

— post yoki maqola muallifining tajribasi va ishonchliligini tekshirish;

— hissiy bo‘yoqdor kontentdan ehtiyot bo‘lish;

— faktlar va fikrlarni ajratib olish;

— kerak bo‘lsa, vizual materiallarni (foto, video) «reverse search» (teskari qidiruv) orqali tekshirish.

Reverse search (teskari qidiruv) — bu rasm yoki videoni matn bilan emas, balki uning o‘zi orqali internetda qidirish usuli. Oddiyroq aytganda, siz Google, Yandex yoki boshqa qidiruv xizmatiga suratni yuklaysiz. Tizim esa unga o‘xshash yoki aynan bir xil boshqa rasmlar va manbalarni topib beradi. Bu suratning asl manbasini topish, deylik, ijtimoiy tarmoqda tarqalgan suratning aslida qayerdan olinganini bilishga yordam beradi.

Norasmiy axborot manbasini baholash uchun quyidagi savollarga javob toping:

{✅} Muallif yoki sahifa egalari ochiq ko‘rsatilganmi?

{✅} Ma’lumotni boshqa manbalar tasdiqlayaptimi?

{✅} Kontent hissiyotlarga o‘ta ta’sir qiluvchi ohangda yozilmaganmi?

{✅} Manba avval ishonchsiz axborot tarqatmaganmi?

{✅} Voqea tafsilotida aniq sanalar, joy nomlari berilganmi?

3. Ilmiy manbalar — bu ma’lum bir mavzu bo‘yicha ilmiy tadqiqot natijalari, nazariyalar yoki tahlillarni qamrab olgan, odatda malakali mutaxassislar tomonidan yozilgan va rasmiy chop etilgan axborot manbalaridir. Unga ilmiy maqolalar, tadqiqot hisobotlari, monografiyalar, kitoblar kiritiladi. Ilmiy manbalar ishonchli va tekshirilgan axborot manbalari sifatida qabul qilinadi.

Biroq bir jihatni esdan chiqarmaslik kerak: ilmiy yo‘nalishdagi axborotlar orasida yolg‘on va to‘qimalari ko‘p uchramoqda. Soxta mutaxassislar, soxta («yirtqich») jurnallar paydo bo‘lgan. Shuning uchun ilmiy manbalarni baholashda ularning nufuzli ilmiy bazalarda indekslanganmi yoki yo‘qligiga e’tibor qaratish kerak.

Ilmiy manbalar bilan ishlashda nashrning rasmiy ro‘yxatga olingani (ISSN, ISBN mavjudligi), muallifning ilmiy darajasi va tajribasi, maqola yoki kitob havolalar va bibliografiyaga egaligi, tahririyat yoki ilmiy kengash mavjudligi, yangiligi, boshqa manbalar bilan mosligi e’tiborga olinadi. Ilmiy manbalardan foydalanishda plagiatga (ko‘chirmachilikka) yo‘l qo‘ymaslik kerak. Bu axborotdan foydalanish etikasi va huquqiga zid holatdir.

4. Ommaviy axborot vositalari — gazeta-jurnal, televideniye, radio, saytlar, axborot agentliklari. Jamiyatda demokratik qadriyatlarni qaror toptirish, aholiga dunyoda va mamlakatda sodir bo‘layotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlar, voqea-hodisalar haqida tezkor va haqqoniy ma’lumotlar yetkazish, adolat va qonun ustuvorligi, fikrlar va qarashlar xilma-xilligi, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ochiqligi va shaffofligi, so‘z va fikr erkinligini ta’minlashda ommaviy axborot vositalarining o‘rni beqiyos.

O. Zernetska fikricha, OAV axborot uzatishda quyidagi ko‘rinishlarda o‘zini namoyon etadi:

• oyna, ya’ni voqealarning o‘zaro to‘qnashuvi, jarayonlar uchrashuvi uchun ochiq (jarayonga hech kim xalal bermaydi);

• jamiyatda va dunyoda yuz berayotgan voqealar ko‘zgusi (haqqoniy tasvir aks etadi), materiallarda tasvir burchagini belgilash mumkin, ishtirokchilarning barchasi ham ko‘rishi mumkin bo‘lgan barcha tasvirni ko‘ra olmaydi;

• filtr, darvozabon yoki soqchi (fakt va fikrlarni saralaydi, qarashlarni bo‘rttirib yoki kichraytirib ko‘rsatadi);

• yo‘l ko‘rsatuvchi, gid yoki tarjimon (jumboqli yoki to‘mtoq kontekstlarni ochib ko‘rsatadi);

• ekran yoki baryer (bizni reallikdan uzib qo‘yadi, olamda fantaziya yoki propaganda orqali soxta qarashni shakllantiradi).

Ommaviy axborot vositalari kasb etikasi va huquqiy tamoyillar asosida faoliyat yuritgani sababli kuchli verifikatsiya tizimiga ega. Ommaviy axborot vositalari uzatayotgan axborotlarning to‘g‘riligi tekshirilgan bo‘ladi. Biroq baribir reprezentatsiyada reallikning to‘la aks etmasligi holatlari uchraydi. Shu bois, ommaviy axborot vositalarining doimiy pozitsiyasi, moliyalashtirish manbalarini o‘rganish muhim.

Bundan tashqari, axborot manbalarining birlamchi («men ko‘rdim» shaklida) va ikkilamchi («do‘stim ko‘ribdi» shaklida), bevosita va bilvosita kabi turlari ham mavjud.

Ba’zida axborot manbalarida axborot mavjud bo‘lsa ham qonuniy asoslarga ko‘ra ularni bera olmaydi. O‘zbekistonda media, jurnalist va blogerlarni huquqiy qo‘llab-quvvatlash klinikasi foydalanish cheklangan axborotlar ro‘yxatini e’lon qilgan:

1. Davlat sirlari — harbiy sohadagi ma’lumotlar, iqtisodiyot, fan va texnologiya sohasidagi axborot, tashqi munosabatlar sohasidagi ma’lumotlar, razvedka, kontrrazvedka va tezkor-qidiruv faoliyati sohasidagi ma’lumotlar. Bunday ma’lumotlarning oshkor etilishi O‘zbekiston Respublikasi xavfsizligiga putur yetkazishi mumkin.

2. Maxfiy ma’lumotlar — shaxsiy, oilaviy ma’lumotlar, yozishmalar, telefon suhbatlari, pochta, telegraf kabilar xabarlari, tijoriy va xizmat sirini tashkil etuvchi ma’lumotlar. Mazkur axborotlar qonun bilan himoyalangan hamda egasining roziligisiz oshkor etilmaydi. Egasi tomonidan foydalanish cheklangan, sir saqlash muhim deb hisoblanadigan turli ma’lumotlar bo‘lishi mumkin. Keling, qonun bilan himoyalangan axborotga ba’zi misollarni ko‘rib chiqamiz:

• tibbiy sir;

• bank siri;

• aloqa siri;

• advokatlik siri;

• notarial harakatlar siri;

• sug‘urta siri;

• meros siri;

• asrab olish siri;

• tijorat siri va hokazo.

Bu kabi axborotlar ochiq axborot, ya’ni cheklanmagan doiradagi foydalanuvchilar uchun mo‘ljallangan axborotlar toifasiga kirmaydi.

Sun’iy intellekt axborot manbasi bo‘la oladimi?

Axborot makonida sun’iy intellektni qo‘llash kontentning tezkorligi, aniqligi va shaxsiylashtirish imkoniyatlarini oshirish uchun yangi ufqlarni ochmoqda. Sun’iy intellektdan axborot manbasi sifatida foydalanish ko‘lami tobora kengaymoqda. Yangiliklar saytlarida va ommaviy axborot vositalarida quyidagi kabi maqolalar soni ortib bormoqda:

1. O‘zbekistonda qaysi kasblar juda tez rivojlanmoqda? Sun’iy intellekt javob berdi.

2. Sun’iy intellekt o‘zbek jadidlarining tashqi qiyofasini tasvirlab berdi.

3. O‘zbekistonda mablag‘ni qaysi sohalarga kiritib, katta daromad olish mumkin? Sun’iy intellekt javob berdi.

4. Sun’iy intellekt ekzosayyorani topdi.

Bugungi axborot iste’molchisi ma’lumotni sun’iy intellekt orqali olmoqda. Sun’iy intellektga kelajak interneti ta’rifi berilgan edi. Bu haqiqatga aylanmoqda. Insonlar Google emas, ChatGPT orqali axborotni qidirmoqda. Axborot tayyorlashning avtomatlashuvi jamiyatda dezinformatsiya va axborotning nomaqbul shakllari ko‘payishi borasidagi xavotirlarni yuzaga keltiradi. Neyrotarmoqlar generatsiya qilgan ma’lumotlarning haqiqatga zidligi yoki neyrotarmoqlarning noxolisligi ko‘p uchraydi. Dipfeyklar ham sun’iy intellektning ijod mahsulidir.

Jahonda, xususan, O‘zbekistonda sun’iy intellektdan faol foydalanilayotgan bir sharoitda uning xolisligi va haqqoniyligi savol ostida turibdi. Chunki neyrotarmoqlar generatsiya qilgan matnlarda faktologik xatolar, kontekstni noto‘g‘ri tushunish holatlari ko‘p uchraydi. Ayniqsa, 2021-yilgacha ma’lumotlarga asoslangan sun’iy intellekt modellarida bu kabi kamchiliklar ko‘p. Xatolarni kamaytirish uchun inson nazorati bo‘lishi zarur. Inson esa sun’iy intellekt yaratgan mediamahsulotlarni baholashga postraqamli tanqidiy mediasavodxonlik orqali yondashadi.

Sun’iy intellekt axborot manbasi bo‘la oladi, biroq undagi axborotlar tekshirilishi kerak. Neyrotarmoqlarga so‘rov berilayotgan paytda ma’lumotlarni manbasi, havolasi bilan keltirishni so‘rash ham ishingizni ancha osonlashtiradi. Perplexity.ai, copilot.microsoft.com kabi aniq va ishonchli javoblarni taqdim etuvchi yoki aniq manbalar bilan ishlashga ixtisoslashgan NotebookLM neyrotarmoqlardan foydalanilsa, maqsadga muvofiq.

Internet materiallarini arxivlash platformalari

Zamonaviy raqamli muhitda axborotning barqarorligi muhim ahamiyat kasb etadi. O‘chirib yuborilgan, o‘zgartirilgan yoki vaqtinchalik mavjud bo‘lgan veb-sahifalarni tiklash imkoniyati faktcheking jarayonining ishonchliligini ta’minlaydi. Quyida axborotni arxivlashda eng ko‘p foydalaniladigan ikki servisning asosiy xususiyatlari bayon etiladi:

1. Internet Archive — Wayback Machine.

Internet Archive tomonidan yaratilgan Wayback Machine kontentni arxivlab boruvchi eng yirik onlayn platformalardan biridir. Ushbu servis orqali veb-sahifalar turli vaqtda qanday ko‘rinishda bo‘lgani aks ettirilgan millionlab nusxalarni ko‘rish mumkin.

Platformadagi «Save Page Now» funksiyasi istalgan veb-manzilni darhol arxivlash imkonini beradi. Sahifa keyinchalik o‘chirilgan yoki to‘siqqa uchragan taqdirda ham uning saqlangan nusxasi Wayback Machine bazasida mavjud bo‘ladi. Servis faktcheking bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislar tomonidan eng ko‘p qo‘llanadigan vositalardan biri hisoblanadi.

2. Archive.today (archive.ph).

Archive.today — veb-sahifalarning to‘liq, o‘zgarmas ko‘rinishini (snapshot) yaratib berishga ixtisoslashgan servis. U sahifada mavjud bo‘lgan matn, rasm, hujjat, skript va boshqa elementlarni yaxlit holda saqlab qo‘yadi.

Ushbu platforma o‘chirib tashlangan postlar, maqolalar yoki qisqa vaqtga joylashtirilgan kontentni qayta tiklashda qo‘l keladi. Sahifa qanchalik tez o‘zgarmasin, Archive.today yaratgan snapshot o‘zgarishlardan xoli holda saqlanib qoladi. Shu sababli bu servis ham faktcheking amaliyotida muhim vosita sifatida qo‘llanadi.

Axborot manbalarining ishonchliligini aniqlash. Cheklistlar bilan ishlash.

Seminar mashg‘ulotlari uchun topshiriq va savollar:

— Norasmiy manbalar qanday afzallik va xavflarga ega?

— Norasmiy axborot manbalariga misol keltiring.

3. OAVdan olingan axborotning ishonchliligini qanday tekshirish mumkin?

4. OAVning axborot tarqatishdagi roli va mas’uliyati nimalardan iborat?

5. Biror yangilik matnini tanlab, cheklist bo‘yicha ishonchliligini baholang.

6. Telegram sahifasidan olingan xabarni rasmiy manbalar bilan solishtiring va tafovutlarini yozing.

7. 5 ta turli manba (gazeta, rasmiy sayt, telegram, blog, shaxsiy suhbat) da berilgan qisqa matnlarni o‘qing. Har birini «ishonchli», «tasdiqlash kerak» yoki «ishonchsiz» deb belgilang.

8. OAV va norasmiy manbalardan 4—5 sarlavha oling. Ularning klikbet ekani yoki faktga asoslanganini aniqlang.

9. Farzandiga «Ronaldo» deb ism qo‘ygan xorazmlik oila haqida eshitdingiz. Bu axborotning to‘g‘riligini qanday tekshirgan bo‘lar edingiz?

5-BOB. AJDODLARIMIZ FAKTLARNI QANDAY TEKSHIRGAN?

5.1. Axboriy savodxonlik, mediasavodxonlik va faktcheking tushunchalarining tarixiy ildizlari. «Avesto”da haqiqatning ezgu qadriyat sifatidagi talqini.

5.2 Abu Rayhon Beruniyning ilmiy tajribalar orqali uydirmalarni rad etish tajribasi.

5.3. Yolg‘onchilikning ijtimoiy va ma’naviy oqibatlarining allomalar ijodi va qarashlarida aks etishi.

5.4. Bobur — faktcheker sifatida.

5.5. Kalom ilmida haqiqat va botilni farqlash usullari.

Axboriy savodxonlik, mediasavodxonlik va faktcheking tushunchalarining tarixiy ildizlari. «Avesto”da haqiqatning ezgu qadriyat sifatidagi talqini. Bugun neologizm sifatida qaralayotgan axboriy savodxonlik, mediasavodxonlik, faktcheking, axborotni baholashning tarixiy ko‘rinishlari aniqlangan.

Qadimiy manbalardan biri — «Avesto”da yolg‘on katta gunoh sifatida koralanadi, chin e’tiqodga xiyonat deb baholanadi. Unda «Haqiqat — eng ezgu ne’mat…”, «Haqiqat — eng a’lo ne’mat…» sanalgan. Yashtning yakuniy duo aytimlari shu jumlalar bilan tugagan, o‘n qurdan takrorlangan. «Kulfat kelsin u zotga… Xor etsa haqiqatni», «Aldovlarga uchmaydi, Yolg‘onlarga yurmaydi», «Iymonsiz yolg‘on so‘zlar», «So‘z ustidan chiqmaslar Undan madad ololmas. Yolg‘onchi baxtdan mahrum, Savoblardan bebahra», «Yolg‘on yaylovda sarson» kabi jumlalar haqiqatning bahosi va ahamiyatini ko‘rsatadi, aldov, yolg‘on bilan keskin murosasizlikni bayon etadi.

Yolg‘on baribir

Iymonlilarning

Urug» -aymog‘in

Qilolmay qirg‘in

Kelgan yeriga

Ketgaydir bir kun,

Yo‘qolgay badbin.

Yoki:

So‘zlaganda so‘z g‘olib,

Yolg‘on bilan chin bahsi,

Bo‘lganda chin so‘z g‘olib

(Bo‘lsin, deya yolbordi).

kabi satrlarda ezgulik va yovuzlik, rost va yolg‘on, ziyo va zulmat o‘rtasidagi azaliy kurash aks etgan.

18+

Книга предназначена
для читателей старше 18 лет

Бесплатный фрагмент закончился.

Купите книгу, чтобы продолжить чтение.